Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga oltita hududdagi boshlang‘ich maktablarda ta’lim natijalarini yaxshilash va o‘quvchilarning bazaviy ko‘nikmalarni egallashiga sharoit yaratish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash paketi Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan imtiyozli moliyalashtirish shaklida ajratiladigan 100 million dollarni o‘z ichiga oladi. Ushbu mablag‘lar “Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun maktab ta’limini o‘zgartirish” (BILIM) dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, dastur Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasidan (IFFEd) 5 million dollar miqdorida grant oladi. Bu IFFEd va Jahon banki o‘rtasidagi birinchi hamkorlik hisoblanadi.
Jahon banki xabarida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda aholining tez o‘sishi va ichki migratsiya tufayli davlat maktablari infratuzilmasi sezilarli yuklamaga duch kelmoqda. 2026-yilda maktab o‘quvchilari soni 7,6 milliondan oshishi kutilmoqda. Ta’lim infratuzilmasiga o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun hukumat har yili mamlakat bo‘ylab 300 ga yaqin yangi maktab qurishi kerak.
Bank baholashiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda boshlang‘ich maktabga qamrov darajasi 99 foizdan oshadi. Biroq o‘quvchilarning ta’lim natijalari, ayniqsa, o‘qish va matematika kabi fanlar bo‘yicha xalqaro standartlarga qaraganda pastligicha qolmoqda. O‘qitish metodikasi va pedagogik kadrlarning kasbiy rivojlanish tizimi ham sezilarli darajada takomillashtirishni talab etadi.
Umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etuvchi BILIM dasturi O‘zbekiston hukumati (273 million dollar), Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (100 million dollar imtiyozli moliyalashtirish) va Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (5 million dollar grant) tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Dastur Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablar hamda o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash muassasalarini qamrab oladi. Ushbu hududlar hissasiga mamlakatdagi barcha maktablarning qariyb 45 foizi to‘g‘ri keladi. Aynan mana shu yerda bolalar ta’limi bilan bog‘liq eng jiddiy muammolar va maktab infratuzilmasining o‘tkir taqchilligi kuzatilmoqda.
2030-yilgacha BILIM dasturi uchta asosiy yo‘nalishda taraqqiyotni ta’minlashi kutilmoqda: o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quv materiallarini takomillashtirish va maktab infratuzilmasini yaxshilash. Ushbu chora-tadbirlar boshlang‘ich maktabning 1-4-sinflarida tahsil olayotgan, yarmi qiz bolalardan iborat bo‘lgan qariyb 2 million nafar bolaga naf keltirishi kutilmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin ta’kidlaganidek, “Boshlang‘ich maktabda o‘quvchilarning asosiy ko‘nikmalarini mustahkamlash O‘zbekistonning inson kapitalini yanada mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. BILIM dasturi hukumatga maktab o‘quvchilarining asosiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishga yordam beradi.”
Source: www.gazeta.uz