1-iyuldan 2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga qabul boshlandi. Hujjatlar 30-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, magistraturaga qabul tanlovlarida chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlar ishtirok etishi mumkin. Onlayn ariza topshirish uchun bakalavr diplomi hamda chet tilini bilish sertifikati talab etiladi.
Vazirlik magistraturaga qabulda tan olinadigan chet tili sertifikatlarining mutaxassisliklar kesimidagi ro‘yxatini ham e’lon qildi. Shu bilan birga, ayrim toifadagi talabgorlardan chet tili sertifikati talab qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda OTMlar bakalavriat bosqichiga hamda kasbiy ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan 25-iyungacha bo‘lib o‘tdi. Qabul jarayoni avvalgidek ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 18-iyul kungi prezident farmoyishi [PF-43-son] bilan 2025/2026 o‘quv yili va kelgusi 3 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlangan edi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy toifali o‘qituvchilar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining maqsadli magistraturasida masofaviy shaklda tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Bitiruvchilar kamida uch yil maktabda ishlab beradi, qabul kvotalari esa har yili ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi.
Source: www.gazeta.uz