Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov 212 ta jamoat transport bekati majmuasini shahar hokimiyati ixtiyoriga o'tkazish va ularni rekonstruksiya qilish to'g'risida qaror imzoladi.
Hujjatga ko'ra, jamoat transport bekatlari joylashgan 177 ta yer uchastkasi shahar hokimiyatiga doimiy foydalanish huquqi bilan rasmiylashtiriladi. Shu bilan birga, ushbu yer uchastkalaridagi ob'ektlar ham hokimiyat ixtiyoriga o'tadi.
Qaror jami 8,9 ming kvadrat metr maydondagi 212 ta ob'ektni qamrab oladi. Ba'zi yer uchastkalarida bir nechta bekatlar joylashgan bo'lib, ular ham rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.
Yangilash dasturiga eng ko'p ob'ektlar Shayxontohur tumanida – 35 ta. Yunusobod tumanida 26 ta, Chilonzor tumanida 24 ta, Mirzo Ulug'bek tumanida 22 ta bekat rekonstruksiya qilinadi.
Yangilanadigan bekatlar orasida Chilonzor tumanidagi "Ipak yo'li-2", "Shuhrat", "Xalqlar Do'stligi Saroyi", Yunusobod tumanidagi "Yunusobod tumani hokimiyati", "Malika bozori", "Gidrometmarkaz" va "Yunusobod bozori", hamda Yashnobod tumanidagi "Quyliq-3" va "Farg'ona bozori" bekatlari bor.
Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar transport va yo'l infratuzilmasi masalalari bo'yicha hokim o'rinbosari Abdurahmon Baxtiyevga yuklatilgan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Sergeli tumanida vorkaut elementlari bilan jihozlangan birinchi bekat ochilgan edi.
Source: podrobno.uz