Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston uchun noodatiy tarzda yumshoq kelgan yoz ijtimoiy tarmoqlarda ob-havo sabablari haqida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi. Xususan, AQSh va Isroil bilan mojaro paytida Eron BAAning sun’iy yomg‘ir chaqiruvchi obyektlarini yo‘q qilgani, shundan so‘ng mintaqada yog‘ingarchilik ko‘paygani haqidagi taxminlar tarqaldi.

Biroq faktchekerlar bu nazariyalarni bir necha bor inkor etgan. Shunga qaramay, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham yoz chillasidagi nisbatan salqin kunlar iqlim borasidagi fitna nazariyalarini X va Threads’da qayta-qayta muhokamalar markaziga olib chiqmoqda.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Gazeta so‘roviga ko‘ra ushbu taxminlarning ayrimlarini tahlil qilib berdi. Mutaxassis nima uchun bu da’volar ilmiy qarashlar oldida asossizligi va mintaqadagi suv inqirozi zamirida aslida nima yotganini tushuntiradi.

“Lekin ular e’tiborni qurg‘oqchilikning asl sabablari — global iqlim o‘zgarishi, haroratning tez ko‘tarilib boryotgani, bug‘lanishning kuchayishi, yerosti suvlarining haddan tashqari ko‘p ishlatilishi, samarasiz sug‘orish va ko‘p yillik yog‘ingarchilik tanqisligidan chalg‘itadi”, — deya ta’kidlaydi iqlimshunos.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “yomg‘irlarning qaytishi” tabiiy jarayonlar bilan emas, go‘yoki Eronning arab mamlakatlaridagi sun’iy yomg‘ir yog‘dirish obyektlariga zarba bergani bilan bog‘liq degan fitna nazariyasi keng tarqaldi. Unga ko‘ra, ilgari mintaqaga kirib kelishi kerak bo‘lgan yog‘inlarni rivojlangan mamlakatlar, xususan, Isroil, Arab mamlakatlari va AQSh “iqlim quroli” yordamida o‘g‘irlagan.

Abdulahatovning ta’kidlashicha, “Iqlim qurollari” to‘g‘risidagi nazariyalar shunchaki havodan olinmagan. Tarixda haqiqatda urush maqsadlarida ob-havoga ta’sir qilishga urinib ko‘rishgan. Buning eng mashhur misoli - “Popay” operatsiyasi. AQSh Vetnam urushi paytida 1967−1972-yillarda Laos va Vetnam hududida bulutlarga keng masshtabda kumush yodid sepib, musson yomg‘irlarini sun’iy kuchaytirishga harakat qilingan.

Biroq bu bulutlarga faqat lokal masshtabda ta’sir ko‘rsatish edi. Keyinchalik 1977-yilda BMT doirasida ENMOD konvensiyasi qabul qilinib, harbiy maqsadda atmosferaga ta’sir etish butunlay ta’qiqlandi.

“Bulut ekish bu — real texnologiya, ammo imkoniyatlari cheklangan. Bugun BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlar bulut ekish texnologiyalaridan foydalanadi. Joriy yilning 17-mayidan qo‘shni Qozog‘iston hukumati Turkiston viloyatida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish amaliyotini boshladi”, — deydi iqlimshunos.

HAARP ko‘pincha AQSh “iqlim qurolining” asosiy obyekti sifatida ko‘riladi. Aslini olganda bu atmosferaning yuqori qatlami — ionosferani tadqiq qiladigan laboratoriya, xolos. “HAARP o‘zining tajriba uchastkasida antenalar yordamida yuqori chastotali radioto‘lqinlar orqali ionosferada qisqa muddatli lokal o‘zgarish hosil qila oladi. Ammo ob-havo jarayonlari asosan troposferada — atmosferaning 0−12 km balandlikdagi quyi qatlamida kechadi”, — deya tushuntiradi u.

Shuning uchun 2014-yilda AQSh hukumati HAARP’ni moliyalashtirishni to‘liq to‘xtatdi. 2015-yildan boshlab, HAARP to‘liq Alyaska Ferbanks universiteti boshqaruviga o‘tdi va hozirda ochiq ilmiy poligon sifatida faoliyat olib bormoqda.

Markaziy Osiyoda ham yuqori atmosfera fizikasi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan. Hozirda O‘zbekistonda, Fanlar Akademiyasi huzuridagi Seysmologiya instituti negizida Toshkent viloyati Parkent tumani atrofida magnitosfera rasadxonasi mavjud.

Iqlimshunosning ta’kidlashicha, Erondagi qurg‘oqchilikning sabablari “iqlim quroli” haqidagi fitna nazariyalaridan ancha murakkabroq. Bunga global iqlim o‘zgarishi, haroratning ko‘tarilishi, bug‘lanishning kuchayishi, yerosti suvlaridan me’yordan ortiq foydalanish, samarasiz sug‘orish va ko‘p yillik yog‘ingarchilik tanqisligi sabab bo‘lmoqda.

“Bu jarayonlar faqat Eronda sodir bo‘layotgani yo‘q. Turkmanistonning katta qismi, O‘zbekistonning shimoli, Qizilqum va voha tomonlar hamda Tojikistonning janubiy viloyatlari xuddi shunday bosim ostida qolmoqda”, — deya ta’kidlaydi Erkin Abdulahatov.

“Vaholanki, XXI asrda asosiy masala: kimdir bulutni „o‘g‘irlayaptimi“ degan bahs emas. Asosiy masala — suvni qanday tejaymiz? Qishloq xo‘jaligini bunga qanday moslashtiramiz? Qurg‘oqchilikka chidamli iqtisodiyotni qanday quramiz? Muzliklar qisqarishi sharoitida suv xavfsizligini qanday saqlab qolamiz?” — deydi iqlimshunos.

“Iqlim o‘zgarishi — fitna nazariyasi emas. U real statistikada, gidrologik vaziyatlarda, muzliklarda, havo haroratida va qurib borayotgan suv omborlarida allaqachon ko‘rinib turibdi. Shuning uchun bugungi dunyoda faktlarga asoslanib, tanqidiy fikrlash shunchaki intellektual fazilat emas. U barchamiz uchun tirik qolishning asosiy mexanizmidir”, — deya xulosa qiladi u.

Source: www.gazeta.uz