Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston hukumati 2-iyul kungi qarori bilan mamlakatdagi 300 dan ortiq bozor va savdo komplekslarini yagona raqamli platforma – E-bozorga ulashni nazarda tutdi. Ushbu tashabbus savdo sohasida shaffoflikni oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Platformada har bir bozor va savdo kompleksining pasporti, aniq manzili, bo‘sh savdo o‘rinlari hamda shoxobchalari haqida ochiq ma’lumotlar joylashtiriladi. Fuqarolar bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborish va tezkor javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

E-bozor platformasi dastlab 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida ishga tushiriladi, so‘ngra 2027-yil 1-martgacha to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 1-dekabrgacha platforma Adliya vazirligi, Kadastr agentligi va boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Platformani joriy etish vazifasi Soliq qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuklatildi. Loyihani moliyalashtirish Soliq qo‘mitasining maxsus jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Soliq qo‘mitasi platforma operatori etib belgilandi va u korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida platformani doimiy takomillashtirib boradi. Qo‘mita har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlarini biriktirib, kunlik tushumlarning haqqoniyligini doimiy monitoring qiladi.

2026-yil 1-oktabrgacha barcha bozorlarning ixtisoslashuvi, ish tartibi, savdo nuqtalari va ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqidagi ma’lumotlar platformaga kiritilishi kerak. Shuningdek, idoraga Markaziy bank bilan birgalikda uch oy ichida bozor hududlaridagi avtoturargohlarda yagona QR kod orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratish topshirildi.

Ikki oy muddatda tadbirkorlar to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari yoki QR kodli yorliqlar bilan ta’minlanishi kerak. Bozorlar va avtoturargohlarda o‘rnatilgan elektron shlagbaumlar yoki boshqa qurilmalar soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinishi majburiy bo‘ladi. Ushbu talab bajarilmasa, Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanadi.

Ikki oy muddatda bozorlar va savdo komplekslaridagi savdo shoxobchalari va nuqtalari hamda tadbirkorlik subyektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, soliq obyekti sifatida hisobga qo‘yiladi.

Source: www.gazeta.uz