Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanida 33 yoshli Yu.U. ismli ayol 91 yoshli R.N.ni uyida parvarish qilish va uy yumushlarini bajarish uchun yollangan edi. Biroq u bir necha oy davomida keksa ayolni muntazam ravishda kaltaklab, qiynagan.
Jinoyat uyga o‘rnatilgan yashirin kamera orqali fosh etildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Yu.U. 2025-yil dekabridan 2026-yil 19-martigacha keksa ayolni bosh, bo‘yin va qo‘llariga urib, tan jarohatlari yetkazgan.
Sudda ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishdan charchab, keksa ayolni hojatxonaga olib borayotganda urgan va bu odat tusiga kirgan.
19-mart kuni ertalab R.N. hojatxonaga chiqmoqchi bo‘lganida, Yu.U. yana uning bosh va yuziga urgan. Shu payt xonaga nabira kirib, buvisining ahvolini so‘ragan, ammo u hech narsa demay yig‘lagan.
Shundan so‘ng uy egalari yashirin kameralarni tekshirib, voqeani aniqlagan. Mirzo-Ulug‘bek tuman sudi 2026-yil 18-iyunda Yu.U.ni Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qiynash) bo‘yicha aybdor deb topib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Source: kun.uz