Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi taqdimotdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda neft mahsulotlari zaxirasi yaqin ikki-uch oy uchun yetarli ekanligini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, neft-gaz tarmog‘i mamlakat energetika xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu sababli kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va neft mahsulotlari zaxiralarini jamg‘arish ishlarini oldindan rejalashtirish zarur.
“Hozir geosiyosiy vaziyatda boshqa davlatlarda energetika xavfsizligiga tahdid qilinganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun neft mahsulotlarining faqat zaxirasini yaratish emas, balki ishlab chiqarish obyektlarini rivojlantirish juda muhim”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Mamadaminovning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2 million tonnadan oshgan. Bundan tashqari, xususiy tadbirkorlar yana 600-700 ming tonna mahsulot import qilmoqda. Shu hisobdan barcha ehtiyoj qoplanadi.
Vazir o‘rinbosari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha alohida reja tuzilganini, yetarlicha zaxiralar yaratilganini va ichki ishlab chiqarish 100 ming tonnadan oshiq ekanligini aytdi. “Ishontirib aytamanki, kelasi ikki-uch oy uchun zaxiramiz yetarli”, — dedi u.
Energetika vazirligi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha yoqilg‘i ta’minoti va logistikasiga oid alohida rejalar ishlab chiqqan. Vazir har hafta ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazmoqda.
Prezident taqdimot yakunida aholini elektr energiyasi, gaz va yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan. “Ishlaydigan brigadalar soni, zaxiralari va aniq hisob-kitobimiz bor”, — dedi Mamadaminov.
Besh oy ichida benzin ishlab chiqarish hajmi 2,9 foizga o‘sib, 502,2 ming tonnani tashkil etdi. Biroq may oyida ishlab chiqarish 84,7 ming tonnaga tushib, o‘tgan yilning mayiga nisbatan 13,7 foizga kamaydi. Bu 2023-yil mayidan beri eng past ko‘rsatkichdir. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish yanvar-mayda 476,4 ming tonnani tashkil etib, 7,9 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, may oyida 17,8 foizga pasaydi.
Source: www.gazeta.uz