Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda narkojinoyatlar soni qariyb 2,5 barobarga oshgani rasman e’lon qilindi. 25-iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Narkotiklar va o‘q-dorilarni nazorat qilish agentligi rahbari Farhod Hasanov bu borada tashvishli statistikani keltirdi.

Farhod Hasanovning ta’kidlashicha, 2021-yilda 6 mingta narkojinoyat aniqlangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 15 mingdan oshgan. Noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar ikki barobar, sintetik giyohvandlik vositalari esa 7 baravarga ko‘paygan. Agentlik rahbari bu holatni “tashvishli” deb baholadi.

So‘nggi yillarda noqonuniy narkolaboratoriyalar soni ham keskin oshgan. 2021-yilda 4 ta laboratoriya aniqlangan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida 14 tasiga chek qo‘yilgan. Hasanovning aytishicha, ular ko‘pincha aholi yashaydigan hududlarda – mahallalarda, ko‘chalarda va ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarida faoliyat yuritmoqda.

“Ochig‘ini aytishimiz kerak, joriy yilda aniqlangan 14 ta narkolaboratoriya qayerda joylashgan? Mahallalarda, ko‘chalarda va ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida. Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan ayrimlariga shaxsan borganmiz. Yerto‘lada bemalol faoliyat yurityapti, ammo o‘sha “dom”ning o‘zida o‘nta kvartira, yigirmadan ortiq aholi yashaydi. Nega befarq? Axir ertaga bu illat ularning xonadoniga ham kirib kelishi mumkin-ku”, – dedi u.

Agentlik rahbari giyohvandlikka qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakatlari yetarli emasligini, jamoatchilikning faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narkolaboratoriyalarni aniqlashga yordam beradigan tashqi belgilar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish zarur.

Kundalik tezkor tadbirlar doirasida o‘rtacha 70 tadan ortiq tadbir o‘tkazilib, 20-30 nafar shaxs ushlanmoqda. Har kuni o‘rtacha 14 kilogramm giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yilmoqda. An’anaviy narkotiklar o‘rnini sintetik psixotrop moddalar egallab boryapti.

Kontrabandachilar narkotiklarni yashirish uchun murakkab usullardan foydalanmoqda: yong‘oq ichiga, jurnal sahifalariga, qo‘g‘irchoqlar ichiga yashirib olib kirishga urinmoqda. Biroq bu holatlar o‘z vaqtida aniqlanyapti.

Internet orqali narkotiklar savdosiga qarshi kurash kuchaytirilgan: joriy yilda 1818 ta kanal va bot bloklangan, ulardan 576 ta Telegram bot, 965 ta yopiq kanal va 277 ta ochiq kanal. Bloklangan kanallarda 612 mingdan ortiq obunachi bo‘lgan.

Narkotik jinoyatlar tobora “yosharmoqda”. Farhod Hasanovning aytishicha, 12-14 yoshli o‘smirlar ham bunday jinoyatlarga aralashib qolmoqda. “Bu jinoyat aynan yoshlarni nishonga oldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi”, – dedi u.

Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, 16-22 yosh oralig‘i yoshlarda qiziquvchanlik eng yuqori bo‘ladigan davr. Ayrim yoshlar o‘rtoqlarining ta’sirida agressiyani yo‘qotish maqsadida giyohvand moddani tatib ko‘rib, keyin o‘zi ham boshqalarni jalb qiluvchiga aylanadi.

Mo‘minovning ta’kidlashicha, narkojinoyatlarga aralashgan yoshlarning 92 foizi ishli va band aholi ekani ma’lum bo‘lgan. Ya’ni ularning daromadi ham, ish joyi ham bor. Bu esa iqtisodiy omillarning asosiy sabab emasligini ko‘rsatadi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i Xushvaqt Uralovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar-may oylarida narkotiklar bilan bog‘liq qariyb 5700 ta jinoyat aniqlangan, ularning 94 foizi erkaklar tomonidan sodir etilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili A’zam Bekpulatovning aytishicha, 2026-yilning besh oyida 53 nafar maktab o‘quvchisi narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlarda ishtirok etgani aniqlangan. Eng ko‘p holatlar Toshkent shahri va Namangan viloyatida qayd etilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosh mutaxassisi Alisher Islomovning ma’lum qilishicha, 2025-yilda 56 nafar talaba narkojinoyatga qo‘l urgan bo‘lsa, 2026-yilning olti oyida bu ko‘rsatkich 12 nafarni tashkil etgan. U buni “ayanchli holat” deb baholadi.

Farhod Hasanovning qo‘shimcha qilishicha, giyohvandlikka qarshi kurashda eng katta muammo – aholida narkotik jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish. “Ochig‘ini aytish kerak, targ‘ibot va tushuntirish ishlarimiz hali hammaga yetib bormayapti. Bu achchiq bo‘lsa ham, haqiqat”, – dedi u.

Source: www.gazeta.uz