Raqobat qo‘mitasi Anorbank AJni reklama qonunchiligini buzganlik uchun moliyaviy jarimaga tortdi, deya xabar qildi idora matbuot xizmati.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning murojaati asosida bankning Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axboroti o‘rganilgan.
Murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan reklamada aksiya shartlari haqida to‘liq ma’lumot berilmagani qayd etilgan.
O‘rganish davomida reklamada moliyaviy xizmat ko‘rsatishga oid shartnomaning muhim shartlari, jumladan, aksiyaning amal qilish tartibi, unga belgilangan limit hamda limitdan oshilganda qo‘llanadigan komissiya haqidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlangan.
Shundan so‘ng Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16- (Reklamaga qo‘yiladigan asosiy talablar), 21- (Moliyaviy xizmatlar reklamasi) va 43-moddalari (Qonunni buzganlik uchun javobgarlik) talablari buzilgani alomatlari yuzasidan Anorbank AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Ishni ko‘rib chiqish yakunida bankka moliyaviy jarima qo‘llanib, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Source: www.gazeta.uz