Podrobno.uz xabariga ko‘ra, Numbeo sayti dunyoning eng qimmat shaharlari reytingini yangiladi. Global ro‘yxatga 549 ta shahar kiritilgan bo‘lib, Toshkent 488-o‘rinni egalladi.
Toshkent 31,2 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich bilan poytaxt Markaziy Osiyoda Qozog‘istonning Olmaota (40,1 ball) va Ostona (34,5 ball) shaharlaridan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Osiyo miqyosida esa 74-o‘rinda turadi. Mintaqaviy ro‘yxatda Toshkentdan keyin Dushanbe (29,9 ball) va Bishkek (29,7 ball) joylashgan.
Dunyoning eng qimmat shaharlari sifatida Shveytsariyaning Syurix (123,4 ball) va Bazel (111,9 ball) hamda Kayman orollari poytaxti Jorjtaun tan olingan. Ro‘yxatning qarama-qarshi uchida Hindistonning 10 dan ortiq shaharlari joylashgan bo‘lib, ular 17,3-18,8 ball bilan eng arzon shaharlar deb topilgan.
Indeks tuzishda Nyu-Yorkdagi hayot narxi asosiy nuqta sifatida olinadi va unga 100 ball beriladi. Har bir ball yuqori yoki past bo‘lishi yashash narxidagi 1% farqni anglatadi. Masalan, Syurixda hayot Nyu-Yorkka nisbatan 23,4% qimmat, Toshkentda esa 68,6% arzon. Hisoblashda ijaraga uy narxi, oziq-ovqat va restoran narxlari hamda aholining xarid qobiliyati hisobga olingan.
Source: podrobno.uz