Toshkentda 10-iyul kuni kechqurun sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 25 yoshli Rossiya fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Podrobno.uz muxbiri xabar berdi.
Qurbonning qarindoshlari va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, fojea Sodiq Osimov ko‘chasida soat 21:25 atrofida, 145-maktab yonidagi chorrahada, Stellaris klinikasi va “Efendi” restorani yaqinida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oq rangli BYD (01C717MA) avtomobili “Korzinka” supermarketi tomonidan maktab yo‘nalishida harakatlanayotgan edi. Shu payt qarama-qarshi tomondan to‘q rangli avtomobil (markasi hozircha noma’lum) “Efendi” restorani tomon chapga burilishni amalga oshirgan.
Guvohlarning aytishicha, BYD haydovchisi to‘qnashuvni oldini olish uchun keskin o‘ngga burilgan, natijada avtomobil piyodalar yo‘lagiga chiqib ketgan va Stellaris klinikasi yonida turgan yigitni urib yuborib, yo‘l to‘sig‘ini buzib o‘tgan.
Halok bo‘lganning qarindoshlari shifokorlarga tayanib, olingan jarohatlar hayotga mos kelmasligi va o‘lim voqea joyida sodir bo‘lganligini ma’lum qilishdi.
Guvohlarning ta’kidlashicha, burilishni amalga oshirgan ikkinchi avtomobil voqea joyini tark etgan. Ushbu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i hozircha yo‘q.
Halok bo‘lgan shaxs Aleksandr Litskevich – Rossiyadan ko‘chib kelgan, Toshkentda musiqa, raqs bilan shug‘ullanib, IT sohasida ishlagan.
Halok bo‘lganning qarindoshlari 11-12 iyul kechasi Toshkentga yetib kelishgan. Hozirda ular kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanmoqda va Rossiya elchixonasi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
Oila, shuningdek, tergov voqea holatlarini aniqlashga yordam beradigan videokuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganishini kutmoqda. Yo‘l-transport hodisasining rasmiy sabablari va ishtirokchilarning javobgarlik darajasi tergov yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Source: podrobno.uz