Andijon viloyatining Asaka tumanida 47 yoshli ayol sobiq turmush o‘rtog‘ini yollanma qotil orqali o‘ldirishga urinayotganda ushlangan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol uy-joy nizosi sababli o‘zi bilan birga yashayotgan 54 yoshli sobiq erini qasddan o‘ldirishni rejalashtirgan. U bu ishni amalga oshirish uchun 3000 dollar evaziga yollanma qotil qidirgan.
Ichki ishlar xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, jarayonga shartli yollanma qotilni jalb etishgan. 10-iyul kuni ayol “qotil” bilan uchrashib, dastlab 5 million so‘m bergan va qolgan pulni erining o‘limiga ishonch hosil qilgach to‘lashga va’da berib, tilxat yozib bergan.
11-iyulga o‘tar kechasi “shartli qotil” erini adirlikka olib borib, uning go‘yoki o‘ldirilgani aks etgan grimmlangan holatni sahnalashtirgan va buyurtmachi ayolni voqea joyiga chaqirgan. Ayol sobiq erining “murdasini” ko‘rib, ishonch hosil qilgach, qolgan pulni berish uchun mashinaga o‘tirgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Gumonlanuvchi ayol qilmishidan pushaymon ekanligini bildirgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “i” bandi (tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda 15 yildan 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Source: www.gazeta.uz