O‘zbekistonda yangi haftada issiqlik faqat termometrda emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri inson organizmida ham seziladi. Ayrim hududlarda havo harorati +48 darajagacha ko‘tarilishi mumkin, issiqlik stressining darajasi Afrika va Arabistonning eng jazirama hududlaridagi sharoitga yaqinlashadi.
Hafta davomida respublika hududlari Turkmaniston orqali kirib kelishi kutilayotgan O‘rta Osiyo uchun eng issiq ob-havoni taqdim etuvchi termik depressiya jarayoni ta’sirida bo‘ladi. Ushbu jarayon kishilarga termal tushkunlikni taqdim etadi. Bir so‘z bilan aytganda, organizmda issiqlikdan tinimsiz charchash holati kuzatiladi.
Dam olish kunlaridan boshlab mintaqaga shimoldan navbatdagi salqin havo kirib kela boshlaydi. Xorijiy ob-havo byurosi ma’lumotlarida haftaning ish kunlarida o‘rtacha besh kunlik harorat qiymati respublikaning katta qismida shu davr uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yordan 4−6 daraja issiq bo‘lishi aks etgan.
O‘zgidrometning hafta kunlari uchun tuzgan prognozlariga ko‘ra, dushanbadan shimol va cho‘l hududlarida juda issiq harorat kuzatiladi. Masalan, dushanba va seshanba kunlari Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda harorat maksimumlari +45 darajagacha, chorshanba-juma kunlari bu qiymat aynan mana shu hududlarda +47 darajagacha ko‘tarilishi keltirilgan.
Juma kuni shimolda haroratning biroz pasayishi ro‘y beradi. Boshqa viloyatlarda ham haftaning ish kunlari +40 darajadan yuqori issiq harorat saqlanadi. 15−17-iyul kunlari hatto vodiy viloyatlarida ham havo maksimumlari +43 darajagacha qiziydi. Tog‘larda harorat maksimumlari hafta boshlari va o‘rtasida +34 darajagacha yetadi.
Tungi harorat qiymatlari ham kunduzgisidan kam emas. Cho‘l va tekislik hududlarida tungi minimum qiymatlar +30 daraja va undan biroz pasayish tamoyiliga ega. Quyidagi sutkalik maksimal havo harorati prognoz kartasida 17-iyul, juma kuni ko‘plab joylarda havo harorati +44 daraja va undan yuqori bo‘lishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Hatto o‘sha kuni poytaxtda +44 daraja, Qizilqum cho‘llarida +48 darajagacha issiq harorat kuzatilishi taxmin qilinmoqda.
Hafta davomida respublikada yog‘ingarchilik kutilmaydi hisob. Faqat dushanba va seshanba kunlari tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli jala yog‘ib o‘tishi mumkin. Cho‘l va tekislik hududlarida kunning ikkinchi yarmida tuproq qizigach, kuchli shamol va chang to‘zonlari ko‘tarilishi mumkin.
O‘zgidrometning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, ushbu hafta respublikaning katta qismida o‘rtacha haftalik harorat ko‘p yillik me’yordan 3−6 darajagacha issiq bo‘lishi keltirilgan. Hozirgi davr yilning eng issig‘i ekani hisobga olinsa, bu joriy haftani anomal issiq haftaga qiyoslash uchun yetarlidir.
Shunday qilib, ushbu haftada respublikaning ayrim meteostansiyalarda ko‘p yillik kuzatuvlar tarixidagi mutlaq rekordlar yangilanishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Hafta davomida kuzatilishi kutilayotgan g‘ayritabiiy issiqlik to‘lqini deyarli barcha tarmoqlarga yetarli muammolarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, bu kabi issiqlik stresslariga eng moyil tarmoq sog‘liqni saqlash, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport tarmoqlaridir. Favqulodda turli xil hodisalar, yong‘inlar ko‘payishi mumkin.
Ish kunlari O‘zbekistonning aksar hududlarida havo harorati sutkaning katta qismida tana haroratidan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois bunday yuqori haroratning organizmga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun ehtiyot choralariga amal qilish muhim. O‘zgidromet prognozlari haftaning ish kunlari respublikaning barcha viloyatlarida +40 dan baland bo‘lishini ma’lum qilgan. Bunday ob-havoda ochiq havoda uzoq vaqt yurish va jismoniy faollikni cheklash tavsiya etiladi.
Boshni quyoshdan asrash alohida ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan yirik arteriya va vena qon tomirlari o‘tadi. Kunning eng issiq paytida boshyalang yurish natijasida bosh qizib, butun tanada qon harorati oshib ketishi mumkin. Bu esa “oftob urishi”ga sabab bo‘ladi. Natijada tana harorati ko‘tarilishi, teri qizarishi, holsizlik, nafas olish va yurak urishining tezlashishi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hatto hushdan ketish kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Bunday kunlarda ovqatlanishga ham e’tibor berish lozim. Ko‘p miqdorda oddiy ichimlik suvi ichish organizmning suv-tuz muvozanatini saqlashga yordam beradi. Suv tanqisligini qoplash uchun gazlangan yoki shirin nektarli ichimliklar emas, balki toza ichimlik suvini tanlash maqsadga muvofiq. Shuningdek, yog‘li go‘sht mahsulotlarini kamaytirib, yengil hazm bo‘ladigan taomlar, meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Yoz faslida tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi o‘tkazadigan, och rangli va keng kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq. Bunday kiyimlar teriga “nafas olish” imkonini beradi va tana harorati ortiqcha ko‘tarilishining oldini oladi. Shuningdek, bosh kiyim kiyishni ham unutmaslik kerak. Rangli mato kiyimlarning issiq haroratni yurak sohasiga qanday ta’sir etishi mumkinligini quyidagi rasmdan ham ko‘rib olishingiz mumkin. Oq va sariq rangli paxtali kiyimlar — Quyosh nuri ta’sirini inson tanasiga eng kam o‘tkazuvchi matolardir.
Imkon qadar kunning eng issiq vaqti — soat 12:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan oraliqda tashqariga chiqmaslik yoki ochiq quyosh ostida uzoq vaqt qolmaslik tavsiya etiladi. Mutaxassislar ham kunning eng issiq qismi deya soat 11:00—17:00 oralig‘ida ochiq havoda uzoq yurmaslik, ko‘proq suv ichish, yengil kiyim kiyish va og‘ir jismoniy mehnatni ertalabki yoki kechki soatlarga ko‘chirishni tavsiya etadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi shu kunlarda soat 10:00 dan 17:00 orasidagi muddatlarda quyosh nuri tik tushadigan joylarda harakatlanmaslikni targ‘ib etib, ogohlantirish xabari ulashgan.
Bioiqlimiy sharoitlar. Inson organizmi uchun bu hafta yozning oddiy issiq kunlari emas, balki tabiiy “stress-sinov” haftasi bo‘ladi. Tonggi qisqa muddatli komfortroq muhitlar ham endi kamayadi, seshanbadan yakshanbaga qadar inson organizmi deyarli uzluksiz yuqori harorat ta’siriga moslashishga majbur bo‘ladi. Termik depressiya sharoiti eng faol bosqichga kirgan paytlarda kechasi ham havo harorati yuqoriligicha saqlanib qoladi. Shamolsiz muhitda tungi namlikning tabiiy ortishi esa dimiqish hissini yanada kuchaytirib tashlaydi. Vodiyliklar bu kabi holatni haftaning ikkinchi yarmidan his qila boshlaydi.
Quyidagi bioiqlimiy kartada 13−17-iyul kunlari soat 14:00 uchun O‘zbekistonning qaysi hududlari aholisi ekstremal issiqlik streslarini qabul qilishi to‘q qizil rangda aks etgan bo‘lib, juma kuni hatto bu kabi favqulodda issiqlik muhiti poytaxtda ham hukmron bo‘lishi ma’lum. Unga ko‘ra, Osiyo mamlakatlarida issiqlikning inson organizmi tomonidan qanday darajada his qilinishi aks ettirilgan. Shu vaqtlarda O‘zbekistonning ushbu hududlaridagi odamlar o‘zlarini Afrika, Arabiston yarimorolining eng issiq hududlari, shuningdek, Pokiston, Afg‘oniston va Eronning ayrim joylarida kuzatiladigan jaziramaga yaqin sharoitda turganday his qiladi.
Kartada to‘q qizil rang bilan belgilangan hududlar inson organizmi uchun issiqlik eng kuchli darajada sezilayotgan joylarni anglatadi. Ana shunday hududlar qatorida O‘zbekistonning katta qismi ham tasvirlangan.
Kosmik ta’sirlar. O‘tgan dam olish kunlari juda sokinlik ro‘y berdi, ammo yakshanba kuniga kelib, M sinf kuchli chaqnash kuzatildi. Xorijiy geofizika markazlari hafta boshlarida kuchli “qizil” yoki “sariq” xavf darajasidagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlarini ko‘zda tutmagan.
Qozog‘istonning Olmaota ionosfera markazi esa boshqacha taxminlarni taqdim etib, dushanba va payshanba kunlari uchun “sariq”, seshanba, chorshanba va juma kunlari uchun “yashil” xavf darajasidagi magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishiga e’tibor qaratgan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiqdir.
O‘zgidromet sinoptiklari hafta davomida shimol va tekislik hududlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatga bo‘lsa ham kuchli shamollar bo‘lishiga e’tibor qaratgan. Shuning uchun, ehtimol, hududlarda hafta davomida havoda chang to‘planishi bilan bog‘liq xavf ancha kam.
Havoda ifloslanish ortsa yoki mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ro‘y berganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.
Shunday qilib, 13−19-iyul kunlari oralig‘ida O‘zbekistonda anomal issiq kunlar bo‘lishi kutilmoqda. Ob-havo prognozlari shunchaki harorat raqamlari emas. Bu haftadagi issiqlik to‘lqini inson salomatligi, energiya iste’moli, qishloq xo‘jaligi va kundalik turmushga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois rasmiy prognozlar va mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Source: www.gazeta.uz