Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining noqonuniy xatti-harakatlari fosh etildi. Bu haqida Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, mansabdor shaxs Pastdarg‘om tumani prokuraturasida ishlagan davrida MCHJning gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida davlatga yetkazgan 2 mlrd 887 mln so‘mlik zararni 805,9 mln so‘mga kamaytirib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga vositachilar orqali 6,5 ming dollar va 35 mln so‘m pora olgan. Shuningdek, u korxona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini yana 150−200 mln so‘mgacha kamaytirishni aytgan.

Bundan tashqari, sud tizimidagi tanishlari orqali yengil jazo tayinlatib berishni va’da qilib, MCHJ egasidan qo‘shimcha 15 ming dollar talab qilgan. Prokuror o‘rinbosarining noqonuniy harakatlariga oid ashyoviy dalillar protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz