Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida ikki fuqaro tadbirkorlardan Soliq mobil ilovasi orqali shikoyat qilish bilan qo‘rqitib pul undirganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi («Tovlamachilik») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar oilaviy korxona egasidan pul talab qilib, aks holda uning do‘konida kassa cheki berilmagani uchun Soliq ilovasi orqali shikoyat qilishlarini aytgan. Tergovga ko‘ra, ular 3 million so‘mni olayotgan vaqtda tezkor tadbir davomida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilardan biri tumandagi yana uch tadbirkorga nisbatan shunday harakatlar sodir etgan bo‘lishi mumkin. Tergov versiyasiga ko‘ra, u ulardan pul talab qilib, kassa cheklari berilmaganligi uchun Soliq ilovasiga shikoyat yubormaslikka va’da bergan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: kun.uz