Navoiy viloyatining Uchquduq, Nurota, Tomdi va Konimex tumanlarida hamda butun Xorazm viloyati hududida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 17-iyulgacha to‘xtatildi. Bog‘chalar 20-iyul, dushanba kunidan boshlab odatdagi tartibda ish boshlaydi.
Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, to‘rt tumanda bolalar bog‘chalarini vaqtincha yopish qarori mahalliy hokimlarning farmoyishi asosida qabul qilingan. Xorazm viloyatida esa shunday qaror viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga ko‘ra, havo haroratining +44...+45 darajagacha ko‘tarilishi prognozi bilan bog‘liq holda qabul qilindi.
14-iyuldan 17-iyulgacha Navoiy viloyatining quyidagi tumanlarida davlat bog‘chalari ishlamaydi: Uchquduq tumani, Nurota tumani, Tomdi tumani (2, 4, 5-sonli bog‘chalar), Konimex tumani (1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 13, 14, 15, 16, 17-sonli bog‘chalar). Butun Xorazm viloyati hududida ham 14-17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati to‘xtatildi.
Ushbu qarorlar bolalarni anomal issiqning salbiy ta’siridan himoya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20-iyul, dushanba kunidan boshlab odatdagi tartibda ish boshlaydi.
Ikkala viloyat ta’lim boshqarmalari ota-onalarni bolalar salomatligini saqlashga qaratilgan vaqtinchalik cheklovlarni tushunish bilan qabul qilishga va ushbu davrda ularning farovonligiga alohida e’tibor berishga chaqirdi. Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda ham issiq tufayli bolalar bog‘chalari vaqtincha yopilgan edi.
Source: kun.uz