O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston — Italiya strategik sherikligini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish hamda ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida sheriklik aloqalarining rivojlanayotgani hamda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani yuksak baholandi.
Uchrashuv yakunida Toskana bilan O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Source: www.gazeta.uz