Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovning ommaviy kartochkasi iyun oyi boshida Interpol veb-saytidagi qidiruvdagi shaxslar bazasida ko‘rsatilmay qo‘ydi. Oldin mavjud bo‘lgan Red Notice havolasiga o‘tilganda sayt ushbu so‘rov bo‘yicha natijalar yo‘qligini ko‘rsatadi.

Aprel oyida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 37 yoshli Ravshan Muhitdinovni Interpol orqali xalqaro qidiruvga bergani xabar qilingandi. U Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (mulkni qasddan nobud qilish), 242-moddasi 2-qismi (uyushgan qurolli guruh tuzish) va 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bo‘yicha ayblangan edi.

14-iyul kuni Ichki ishlar vazirligidagi matbuot anjumanida Toshkent shahri IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Mirsodiqov qidiruvning to‘xtatilishini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi 2021-yilda qo‘zg‘atilgan, ammo javobgarlikka tortish muddati tugagani sababli ish to‘xtatilgan.

Keyinchalik yangi ariza va ma’lumotlar asosida tergov qayta faollashgan, biroq barcha tergov harakatlaridan so‘ng ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagan va ish yana to‘xtatilgan. Mirsodiqovning ta’kidlashicha, boshqa ayblovlar va holatlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Ravshan Muhitdinovning o‘zi Facebook’dagi postida “19 yillik quvg‘indan so‘ng” unga qarshi barcha ayblovlar olib tashlangani va “tarixiy vataniga yo‘l ochilganini” aytdi. U Turkiyada yashaydi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, shuningdek, Istanbuldagi Dünya Engelliler Vakfı tashkilotining vitse prezidenti hisoblanadi.

Source: www.gazeta.uz