Dohada bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Lusail saroyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Muloqot avvalida u otasi — sobiq amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda shayx Hamad Ol Soniy Qatar erishgan ko‘plab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga ulkan hissa qo‘shgan siyosat arbobi bo‘lgani ta’kidlandi. Uning ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdagi samarali mehnati alohida qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin egallayotgani, xalqaro maydonda katta ta’sirga ega “Doha ovozi” paydo bo‘lganini e’tirof etdi. Ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qildi.
O‘z navbatida, Qatar amiri O‘zbekiston prezidentiga ushbu sinovli damlarda shaxsan tashrif buyurib, bildirgan samimiy hamdardligi hamda do‘stona qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Qatar amirini o‘ziga qulay bo‘lgan fursatlarda mamlakatga tashrif buyurishga taklif etdi.
Shundan so‘ng prezident tashrifni yakunlab, Dohadan Toshkentga jo‘nab ketdi.
Source: www.gazeta.uz