Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining 47 yoshli fuqarosi 10 iyul kuni o‘ta xavfli yuqumli kasallikka shubha bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Epidemiologik tekshiruv davomida aniqlanishicha, taxminan bir oy oldin erkakni tulki bolasi tirnab olgan. Kasalxonaga yotqizilganidan bir kun o‘tib, 11 iyul kuni u vafot etdi. Hozirda o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Boshqarma, shuningdek, “Varganza” mahallasidagi uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko‘rikdan o‘tganini ma’lum qildi. Ularda quturishning klinik belgilari aniqlanmagan. Hozirda ular shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, profilaktik emlashdan o‘tmoqda.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya xizmati mutaxassislari Kitob tumanidagi epidemiologik vaziyatni to‘liq nazorat qilayotgani ta’kidlangan.
Aholi vahima qilmaslikka va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirilgan.
Source: uznews.uz