Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 15 iyuldan boshlab yer usti liniyalarida poyezdlar tezligi soatiga 60 km dan 40 km gacha pasaytirildi. Bu cheklov har kuni soat 18:00 gacha amal qiladi.
Qaror anomaliy issiq havo tufayli relslar haroratining ruxsat etilgan 55°C dan oshib ketishi bilan bog‘liq. Metropoliten ma’muriyati bu chora yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
Tezlikning pasayishi tufayli poyezdlar oralig‘idagi vaqt oshishi va kutish vaqti 14 daqiqagacha yetishi mumkin. Cheklov faqat yer usti liniyalariga tegishli bo‘lib, yer osti bekatlariga ta’sir qilmaydi.
Source: kun.uz