Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik bilan uchrashdi. Uchrashuvda asosiy e’tibor O‘zbekiston fuqarolarining AQShda qonuniy ishga joylashish dasturlarini rivojlantirishga qaratildi.

O‘zbekiston tomoni fuqarolarni xorijda ishga tayyorlash, xorijiy mehnat bozorlarini kengaytirish va mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish choralari haqida ma’lumot berdi.

AQSh elchisi bo‘lajak ishchilar mehnat va yashash sharoitlari, mumkin bo‘lgan xarajatlar, qo‘llab-quvvatlash choralari va vatanga qaytish muddatlari haqida oldindan bilishlari kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va nomzodlarning viza tarixini tekshirish muhimligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Migratsiya agentligi va AQSh elchixonasining konsullik xizmati o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, axborot almashish va ish beruvchilar bilan suhbatlarni muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-Yorkda tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini AQSh iqtisodiyotining turli sohalarida ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan edi.

Source: podrobno.uz