Buxoro viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, umumiy zarar miqdori 1,9 milliard so‘mni tashkil qilgan. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura shtabi tomonidan Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida fuqaro T.N.ga tegishli uskunaning elektr tarmog‘iga hisoblagichni chetlab ulanganligi aniqlandi. Hisobga olinmagan iste’mol miqdori 509 million so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, Kogon tumanidagi 16-maktabda ham shunday qoidabuzarlik qayd etildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 418 million so‘mga baholanmoqda.
Ikki holat bo‘yicha umumiy zarar miqdori 1,9 milliard so‘mga yetdi. Hozirda tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Source: kun.uz