Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida elektr ta’minoti korxonasi xodimi ish vaqtida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 9-iyul kuni sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yoshli xodim elektr tarmog‘idagi nosozlikni bartaraf etgach, narvondan pastga tushayotgan vaqtida yiqilib ketgan. Oqibatda uning boshi temir konstruksiyaga tegib, jarohat olgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevning aytishicha, xodim shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramay vafot etgan.

Uning ma’lum qilishicha, hodisa yuzasidan maxsus buyruq chiqarilgan bo‘lib, ayni paytda korxona mas’ullari va vakolatli organlar ishtirokida baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

Hodisa joyi tuman prokuraturasi xodimlari va tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirda Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Avvalroq Toshkentning Yashnobod tumanida 25 yoshli yigit beton plita bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Baxtsiz hodisa qurilish obyektida ish vaqtida sodir bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 447 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, 494 nafar xodim jabrlandi, 137 nafari halok bo‘ldi. Hududlar kesimida Toshkent shahri va viloyati, sohalar kesimida esa sanoat va qurilish tarmoqlari baxtsiz hodisalar soni bo‘yicha yetakchilik qildi.

Source: www.gazeta.uz