Prezident tashrifidan so‘ng Bekobod shahri hokimi Nasrulla Boboyev va Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev o‘z lavozimlarini tark etdi. Ularning o‘rinlariga mos ravishda Narimonjon Ismoilov va Sanat Jumaniyozov tayinlandi.
14 iyul kuni Bekobod shahrida shahar xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha topshiriqlar ijrosidagi kamchiliklar va navbatdagi muhim vazifalar haqida tahliliy ma’ruza qildi.
Viloyat rahbari Bekobod hokimi lavozimiga “Navoiy sanoat rivojlanish parki” maxsus sanoat parki direksiyasi direktori bo‘lib ishlagan Narimonjon Numonovich Ismoilov nomzodini taklif qildi. Deputatlar uni shaharning yangi hokimi etib tasdiqladi.
2022 yil may oyidan buyon Bekobodni Nasrulla Boboyev boshqarib kelayotgan edi. Uning lavozimidan ketish sababi aytilmagan.
Shu kuni Yangiyo‘l tumanida ham tuman xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib, unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Zoyir Mirzayev Yangiyo‘l tumani hokimi lavozimiga Vazirlar Mahkamasida mas’ul lavozimda ishlagan Sanat Shakirovich Jumaniyozov nomzodini taklif qildi. Deputatlar S. Jumaniyozovni tuman hokimi etib tasdiqladi.
2023 yil avgust oyidan buyon tumanni Odiljon Qosimovich Ataullayev boshqarib kelgan edi.
Viloyatdagi kadr o‘zgarishlari 13 iyul kuni prezidentning Bekobod tumaniga tashrifi va yangi infratuzilma loyihalari hamda obodonlashtirish ishlari bilan tanishganidan so‘ng yuz berdi.
Source: kun.uz