O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida ishlab kelgan San’at Shakirovich Jumaniyazov Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumaniga hokim etib tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
14-iyul kuni Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tanqidiy-tahliliy ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Odiljon Ataullayev lavozimidan ozod etildi. U bu vazifada 2023-yil avgust oyidan beri faoliyat yuritib kelayotgandi. O‘shanda Zoyir Mirzayev hududdagi vaziyatni tanqid qilgan va “Yangiyo‘l tumani g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborish bo‘yicha „chempion“ bo‘ldi. Hosildorlik ham rejadagidan past”, — degandi.
Bundan tashqari, 2024-yil oxirida O‘zbekistonda 14 nafar hokim qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishdagi kamchiliklari uchun hayfsan olgan va ular orasida Odiljon Ataullayev ham bor edi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu tayinlov kunida “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” direktori bo‘lib ishlab kelgan Narimonjon Ismoilov Toshkent viloyati Bekobod shahri hokimi etib tayinlandi.
Source: www.gazeta.uz