Korzinka supermarketlari tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi Toshkentdagi do‘konlari yonida joylashgan 36 ta mavjud avtoturargohni ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritdi.
E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya yagona lot uchun 20,95 mlrd so‘m (taxminan 1,74 mln dollar) taklif qildi. Bu boshlang‘ich narxdan (1,34 mlrd so‘m) qariyb 16 barobar yuqori.
Savdolar 13-iyul kuni bo‘lib o‘tdi va 9 soat 28 daqiqa davom etdi. 293 qadam davomida lot narxi 1,3 mlrd so‘mdan 20,948 mlrd so‘mgacha, ya’ni 15,65 barobar oshdi. G‘olib kompaniya to‘lovni amalga oshirgan, hozirda buyurtmachi bilan shartnoma tuzilishi kutilmoqda.
Iyun oyida Tashkent Invest munitsipal kompaniyasi poytaxtning 10 tumanida joylashgan, umumiy maydoni 3,99 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini yagona lot sifatida savdoga qo‘ygan edi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli yer usti avtoturargohlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha muddati 10 yilni tashkil etadi, xususiy investitsiyalarning eng kam hajmi esa 10,85 mlrd so‘m qilib belgilangan. Lotga ilova qilingan ro‘yxat va geolokatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, barcha 36 ta uchastka Korzinka supermarketlari yonida joylashgan.
Tarmoq matbuot xizmati avtoturargohlarni ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritganini tasdiqlab, loyiha xaridorlar uchun avtoturargohlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga qaratilganini bildirdi.
“Korzinka uchun avtoturargoh xaridorlarga ko‘rsatiladigan xizmatning muhim qismidir. Kompaniya mehmonlar do‘konga tashrif buyurganida avtomobil uchun bo‘sh joy izlashga ortiqcha vaqt sarflamasdan, xaridlarini qulay amalga oshirishlari uchun sharoit yaratishga intiladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Korzinka marketing departamenti rahbari Malik Karimovning yozishicha, tarmoq xaridorlar uchun avtoturargohdan bepul foydalanish imkoniyatini saqlab qolish maqsadida savdolarda mustaqil qatnashgan.
“Biz ularni o‘zimiz sotib oldik, chunki mijozlarga xarid qilish uchun bir soat bepul vaqt berishni va ularni boshqa biror kishi sotib olib, istagan tarifni belgilashi mumkin bo‘lgan vaziyatning oldini olishni istadik”, — dedi u.
Bunday tizim tarmoqning qator supermarketlari yonida allaqachon amal qilmoqda: avtoturargohning birinchi soati bepul taqdim etiladi, shundan keyin esa soatbay haq olinadi. Korzinka ta’kidlashicha, ko‘pchilik xaridlar uchun bir soat yetarli bo‘ladi, vaqt bo‘yicha cheklov esa avtoturargohlardagi joylar aylanmasini oshirish imkonini beradi.
Loyihaning texnik operatori sifatida hozirgi bosqichda Parking24 ishtirok etmoqda. Avtoturargohlarni tashkil etish barcha belgilangan tartib-taomillar va kelishuvlar yakunlanganidan keyin bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kompaniya alohida ta’kidlashicha, gap yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar haqida ketmayapti. Korzinka umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab joylashgan joylarni olmaydi.
“Gap faqat Korzinka supermarketlari yonida mavjud bo‘lgan avtoturargoh maydonlari haqida bormoqda. Ushbu avtoturargohlar qatnov qismidan tashqarida joylashgan bo‘lib, yo‘l harakati, piyodalar yo‘laklari va yashil hududlardan ajratilgan hamda allaqachon supermarket mehmonlari tomonidan foydalanib kelinmoqda”, — deyiladi tarmoq bayonotida.
Auksion shartlariga ko‘ra, avtoturargohlar sun’iy intellekt funksiyalariga ega videokuzatuv tizimlari, bo‘sh joylar haqida ma’lumot ko‘rsatuvchi LED-ekranlar, to‘lov terminallari va shaharning “Pulli avtoturargoh” tizimi bilan integratsiya qilingan axborot tizimi bilan jihozlanishi kerak.
To‘lovlar terminallar, elektron to‘lov tizimlari va bank kartalari orqali qabul qilinishi lozim. Lot hujjatlarida eng kam stavka soatiga 10 ming so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, doimiy foydalanuvchilar uchun bonuslarga ega loyallik dasturini joriy etish ham rejalashtirilgan.
Tashkent Invest davlat sherigi sifatida avtoturargoh uchun to‘lovlarning kamida 10 foizini oladi. Yana 5 foizni “Pulli avtoturargoh” tizimi operatoriga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Poytaxt hokimligi ma’lum qilishicha, auksion yakunlari bo‘yicha bir martalik to‘lovdan tashqari, investor har yili ijara haqini to‘laydi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar qiladi.
Avtoturargohlar loyihalari va sxemalari Toshkentda yo‘l harakatini tashkil etish markazi bilan kelishilishi lozim. Uchastkalarda faqat yengil konstruksiyalar o‘rnatishga ruxsat beriladi, kapital obyektlar qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hokimlik ta’kidlashicha, qatnov qismi tashqarisida yer usti avtoturargohlarini rivojlantirish trotuarlar, piyodalar o‘tish joylari va ko‘chalarni tartibsiz qo‘yilgan avtomobillardan xoli qilish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.
“Shunday qilib, gap shunchaki avtomobillar uchun turargohlar yaratish haqida ketmayapti. Bu — piyodalar uchun shahar siyosatining amaliy ijrosi bo‘lib, bunda avtomobillar tartibli joylarni egallaydi, ko‘chalar va trotuarlar esa odamlarga qaytariladi”, — deyiladi poytaxt ma’muriyati xabarida.
Source: www.gazeta.uz