Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand shahridagi banklardan biriga bosqinchilik qilishga uringan shaxs qo‘lga olindi. Hodisa vaqtida u o‘zida portlovchi modda borligini aytib, bank kassasidan pul talab qilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 13-iyul kuni soat 17:00 da Samarqand viloyati Qo‘riqlash xizmati boshqaruv markaziga Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan banklardan biridan tashvish xabari kelib tushgan.

Tezkor harakatlanuvchi guruhlar uch daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan. Aniqlanishicha, qishki kiyimda, yuzini niqob bilan yashirgan va qora sumka ko‘targan shaxs bank ichiga kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytgan, oynalarni sindirib, pul talab qilgan.

Shundan so‘ng boshqaruv markazi qo‘shimcha tezkor harakatlanuvchi guruhlar, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari hamda tez tibbiy yordam xodimlarini voqea joyiga yo‘naltirgan.

Qo‘riqlash xizmati xodimlari dastlab gumonlanuvchi bilan masofadan turib muzokara olib borgan. Muzokaralar natijasida u ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan va ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan.

IIV ma’lum qilishicha, hodisa vaqtida bankdagi fuqarolarga hech qanday zarar yetmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetgan ushbu shaxs pulni oson yo‘l bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Source: www.gazeta.uz