Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni yangi avlod boshqaruvchilari, yetakchilari va rahbarlarini aniqlash va tanlash, shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimot davomida sun’iy intellekt yordamida hududlarning drayver tarmoqlari tahlil qilindi va 50 dan ortiq zamonaviy kasblar bo‘yicha boshqaruv kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj aniqlandi. Ayniqsa, energetika va “yashil” texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish va xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.
Davlat rahbari kadrlar zaxirasi tayyor bo‘lmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuzaga kelishi, ish samaradorligi va qabul qilinadigan qarorlar sifati pasayishini ta’kidladi.
Kadrlarni baholashda eskirgan “ob’ektivka” usulidan voz kechib, bilim, kasbiy tajriba, psixologik xususiyatlar, strategik fikrlash va yetakchilik fazilatlarini qamrab oluvchi portfel tizimiga o‘tish taklif qilindi.
Yangi tartib bo‘yicha istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik shkala bo‘yicha baholanadi. Katta ma’lumotlar va biznes-analitika yordamida yuqori malakali mutaxassislar aniqlanib, ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Tizimni avval qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilishda sinovdan o‘tkazish taklif etildi.
Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini tanlab, 2030 yilga kelib 1500 nafar yangi avlod yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda, shuningdek, rahbar lavozimlariga zaxirani shaffof shakllantirish uchun “TOP-100” ochiq tanlov mexanizmi namoyish etildi. Tanlov qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq tizimi, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus kurslarda o‘qitiladi, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va ularning martaba o‘sishi hamda rahbar lavozimlariga tayinlanishi manzilli kuzatib boriladi.
Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning 100 nufuzli universitetlarini tamomlagan yoki ularda o‘qiyotgan yoshlarning salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 1 oktyabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda o‘qiyotgan yoshlar davlat muassasalari va xususiy korxonalarga biriktirilib, ularning amaliyoti, ish beruvchilar bilan hamkorligi va keyingi ish bilan ta’minlanishi ta’minlanadi.
Yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jamg‘arma transformatsiyasi natijasida o‘tgan yili dunyoning 100 nufuzli oliygohlaridan stipendiyadorlar ulushi 30 foizdan 80 foizgacha oshdi. Kelgusi yilda yangi tartib bo‘yicha uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya oldi.
Shu bilan birga, jamg‘arma dasturlarini hududlar va tarmoqlarning aniq ehtiyojlari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, yirik korxonalar bilan ta’limni birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar, startaplar va bitiruvchilar tashabbuslarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun yetakchilik dasturlarini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Prezident mas’ul shaxslarga kadrlarni tanlashda ochiqlik va xolislikni ta’minlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatidan mamlakat rivojlanishi yo‘lida samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Source: kun.uz