Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

1-oktabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Yagona identifikatsiya va davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali o‘z nomiga rasmiylashtirilgan barcha telefon raqamlari va bank kartalarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bu 15-iyulda qabul qilingan prezident qarorida nazarda tutilgan.

Fuqarolar telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish uchun ariza berishi, keyin esa uni qayta faollashtirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, portal orqali foydalanilmayotgan telefon raqamiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish imkoniyati ham yaratiladi. Bundan tashqari, YIDXPda muayyan telefon raqamiga ulangan pullik xizmatlar haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etiladi.

Bank kartalariga oid qismda esa portal orqali karta emitenti bo‘lgan bankka kartani bloklash yoki yopish haqida ariza yuborish mumkin bo‘ladi. Bunda operatsiya fuqaroning elektron murojaati asosida kartani chiqargan bank tomonidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida mazkur xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni ishlab chiqish nazarda tutilgan. Hukumat qarorlari loyihalari avgust oyida tayyorlanishi, servislarni ishga tushirish bo‘yicha amaliy choralar esa 2026-yil sentabr oyida qabul qilinishi belgilangan.

1-sentabrdan YIDXPda tijorat banklarining virtual to‘lov kartalarini joriy etish ham rejalashtirilgan. Foydalanuvchi unga o‘zining amaldagi bank kartasini biriktirishi va davlat xizmatlari uchun portal orqali to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Virtual kartani ochish, uni to‘ldirish, shuningdek, unda qolgan mablag‘ni foydalanuvchining boshqa bank kartasiga o‘tkazish uchun komissiya undirilmaydi.

Hujjatda, shuningdek, quyidagi mablag‘larni avtomatik ravishda qaytarish nazarda tutilgan: bu mablag‘lar fuqaroning virtual to‘lov kartasiga alohida ariza topshirish talab etilmagan holda qaytariladi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari sohasida byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ma’qullagan edi. O‘sha paytda O‘zbekistonda 1041 ta davlat xizmati mavjud bo‘lib, ularning 80 foizi onlayn ko‘rsatilar, biroq tizimda ortiqcha tartib-taomillar va takrorlanuvchi talablar saqlanib qolgan edi. 2030-yilga qadar 783 ta xizmatda “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish, 550 ta xizmatni elektron shaklga, yana 80 tasini proaktiv va kompozit formatga o‘tkazish, 80 ta xizmat ko‘rsatish muddatini o‘rtacha 13 kundan 6 kunga qisqartirish hamda 25 turdagi xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni kamaytirish rejalashtirilgan. Bu aholiga har yili davlat idoralariga qatnash xarajatlaridan 35 mlrd so‘mgacha, yig‘imlar qisqarishi hisobiga esa 851 mlrd so‘mgacha mablag‘ni tejash imkonini berishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz