Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida hududiy muammolarni hal qilishda mas’uliyat va tashabbuskorlik yetishmasligini ta’kidladi.
Davlat rahbari 2026-yilda tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘m, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘m ajratilganini, ammo bu mablag‘lardan samarali foydalanilmayotganini qayd etdi.
Tuman hokimlari va mahalla raislarining vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 barobarga oshgan. Tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘m, mahalla budjetiga esa 150-200 million so‘m qo‘shimcha tushgan.
Tahlillar ayrim mahallalarda muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu mahalla raislarining master reja tuzish, bo‘sh yer va binolarni iqtisodiy aktivga aylantirish, yuqori rahbarlarga aniq masala qo‘ya olmaslik bilan bog‘liq.
“Tashabbusli budjet” dasturida 2026-yil 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2136 ta mahallada birorta loyiha g‘olib chiqmagan. Prezident mahalladagi hamjihatlik va tashabbuskorlikni amaliy natijalar bilan o‘lchash kerakligini ta’kidladi.
So‘nggi olti oyda banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratilib, 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan, 259 ming kishi ish bilan ta’minlangan. Biroq 47 ta mahallada bor-yo‘g‘i 2 tadan mikroloyiha ishga tushirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 22-iyundagi yig‘ilishda mahallalar uchun 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha doimiy daromad manbalari yaratilishini ma’lum qilgan edi. Endi budjetlarga sanitariya me’yorlarini buzish va noqonuniy qurilish jarimalari hamda soliqlarning bir qismi yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar yo‘llarni ta’mirlash, bolalar va sport maydonchalari, istirohat bog‘lari barpo etish va aholi bandligini ta’minlashga sarflanadi.
Source: www.gazeta.uz