1-oktabrdan boshlab O‘zbekistonda davlat organlarining axborot tizimlarida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini avtomatik ravishda yangilash tartibi kuchga kiradi. Bu haqda prezidentning 15-iyuldagi qarorida belgilangan.
Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va boshqa shaxsiy ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, davlat idoralari bu haqdagi ma’lumotlarni idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali oladi va o‘z elektron bazalarini mustaqil ravishda yangilaydi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (YAIDXP) olinadigan shaxsiy ma’lumotlar o‘zgargani to‘g‘risidagi elektron ma’lumotnoma asosida qayta rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, davlat organlariga 1-noyabrga qadar kreditlar to‘liq so‘ndirilganda ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalariga qo‘yilgan taqiqni proaktiv, ya’ni avtomatik tarzda bekor qilish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev may oyida davlat xizmatlari sohasida byurokratiyani qisqartirish va xizmatlarni ko‘proq proaktiv shaklda ko‘rsatishga urg‘u berish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Source: www.gazeta.uz