O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati agentligi (O‘zgidromet) mutaxassislari jurnalistlar uchun press-tur tashkil etib, mamlakatda havo harorati qanday o‘lchanishi, rasmiy ma’lumotlar nima uchun ko‘cha termometrlari ko‘rsatkichlaridan farq qilishi va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “harorat rekordlari” haqidagi xabarlarga qay darajada ishonish mumkinligini tushuntirdi. Soat 10:00 da barcha Toshkent observatoriyasi meteomaydonida to‘plangan vaqtda havo harorati Selsiy bo‘yicha +36,2 darajani tashkil etdi.
Uchrashuv joyi bejiz tanlanmadi. Aynan shu yerda qayd etiladigan meteorologik ma’lumotlar keyinchalik rasmiy ob-havo prognozlarida qo‘llaniladi. “Barcha o‘lchovlar Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) standartlariga qat’iy muvofiq amalga oshiriladi. Ma’lumotlar Grinvich o‘rtacha vaqti bo‘yicha yarim tundan boshlab har uch soatda olinadi”, — deydi O‘zgidromet bosh mutaxassisi Hojiakbar Odilov.
Avvalo u psixrometrik budkani ko‘rsatdi. Bu yopiq devorlar o‘rniga jalyuzilar bilan jihozlangan yog‘och qutidir. Uning ichida to‘rtta termometr joylashgan. Ulardan biri havoning joriy haroratini ko‘rsatadi. Nam mato bilan o‘ralgan ikkinchisi namlikni hisoblashda qo‘llaniladi. Yana ikkitasi — maksimal va minimal termometrlar — o‘lchovlar oralig‘idagi eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlarni qayd etadi.
Jalyuzilar havoning doimiy aylanishini ta’minlaydi. Agar havo aylanmasa, budka ichidagi harorat atrof-muhit haroratidan farq qila boshlaydi va bunday ko‘rsatkichlarni boshqa meteostansiyalar ma’lumotlari bilan to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi. Budka yer sathidan 2 metr balandlikka o‘rnatilgan. Bu JMTning xalqaro standarti hisoblanadi. Barcha meteostansiyalarda bir xil balandlikdan foydalanish dunyo bo‘ylab olingan ma’lumotlarni taqqoslash imkonini beradi. Shuningdek, 2 metr inson nafas oladigan balandlikka yaqin hisoblanadi.
Husan Tursunovning tushuntirishicha, aynan shu balandlikda yer yuzasining ta’siri kamroq bo‘ladi. Kunduzi tuproq tez qiziydi, kechasi esa tez soviydi. Shuning uchun yerdan 10−20 santimetr balandlikka o‘rnatilgan termometr havo haroratidan ko‘ra ko‘proq tuproq haroratini o‘lchagan bo‘lar edi. Psixrometrik budka yonida avtomatik meteostansiya ham o‘rnatilgan. U mustaqil ravishda havo harorati, nisbiy namlik, atmosfera bosimi, quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi va yo‘nalishini o‘lchaydi.
“Ilgari kuzatuvchi har uch soatda ko‘rsatkichlarni yozib olardi. Endi esa stansiya har 10 daqiqada ma’lumotlarni serverga mustaqil yuboradi. Uning ishida inson omili yo‘q”, — deydi Odilov. Uning aytishicha, O‘zbekistonda 117 ta shunday stansiya ishlaydi. Ular deyarli har bir tumanda o‘rnatilgan, ayrim tumanlarda esa ikkita yoki uchtadan mavjud.
Avtomatik stansiya bilan psixrometrik budka ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq 0,2 darajadan oshmaydi. Odatda bu o‘rnatish joyi va asboblar xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Shunga qaramay, psixrometrik budka hali ham zarurligicha qolmoqda. Tursunovning ta’kidlashicha, klassik psixrometrlar avtomatik datchiklarni nazorat qilish uchun qo‘llaniladi. Vaqt o‘tishi bilan ularda xatoliklar yoki nosozliklar paydo bo‘lishi mumkinligi sababli, ularning ko‘rsatkichlari muntazam tekshirib turiladi.
Bundan tashqari, aspiratsion psixrometr namlikni o‘lchashning etalon usuli bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab stansiyalarda o‘nlab yillar davomida kuzatuvlar aynan shu usulda olib borilgan. Shu bois avtomatik stansiyalardan olinayotgan yangi ma’lumotlar ko‘p yillik qator kuzatuvlar bilan taqqoslanishi lozim. Shamol tezligi va yo‘nalishi esa alohida — 10 metr balandlikda o‘lchanadi. Bu ham xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Havo namligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchanmaydi, balki hisoblab chiqiladi. Psixrometrik budkadagi nam mato bilan o‘ralgan ikkinchi termometr namlikni emas, balki bug‘lanish haroratini ko‘rsatadi. Quruq va namlangan termometr ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq psixrometrik jadvallar yordamida tahlil qilinib, havo namligining aniq qiymati aniqlanadi.
Tuproq harorati stansiyaning janubiy qismidagi alohida maydonda o‘lchanadi. Termometrlar 5 santimetrdan 3,2 metrgacha bo‘lgan chuqurlikka o‘rnatiladi. Bu ma’lumotlar asosan qishloq xo‘jaligida, shuningdek, tuproqning muzlashi va yerosti suvlari holatiga oid qishki prognozlarni tayyorlashda qo‘llaniladi. Yog‘ingarchilik ikki usulda — an’anaviy va avtomatik tarzda o‘lchanadi. Birinchi holda maxsus idishga yig‘ilgan yog‘in suvi o‘lchov idishiga quyilib, uning miqdori millimetrlarda aniqlanadi. Ikkinchi holda esa shu o‘lchovlarni maxsus qurilma avtomatik ravishda bajaradi.
Stansiyadan olinadigan barcha ma’lumotlar yagona tizimga uzatiladi va shu asosda ob-havo prognozlari tayyorlanadi. O‘zbekistondagi barcha meteostansiyalardan keladigan ma’lumotlar qo‘shni davlatlar ma’lumotlari bilan birlashtiriladi. Shundan so‘ng ular ob-havo jarayonlarining rivojlanishini hisoblaydigan matematik modellar orqali qayta ishlanadi.
Mutaxassislar hozirgi jazirama sababini ham tushuntirdi. Ularning ma’lum qilishicha, 13-iyuldan buyon O‘zbekistonga janubdan issiq havo massalari kirib kelmoqda va ular kamida hafta oxirigacha saqlanib turishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati +41…+43 darajaga, markaziy va janubiy viloyatlarda esa +43…+44 darajaga yetmoqda. Husan Tursunovning tushuntirishicha, bu Markaziy Osiyo ustida shakllanadigan yozgi termik depressiya deb ataluvchi mavsumiy hodisaning bir qismi hisoblanadi.
“Bu davrda respublika hududida yilning eng yuqori haroratlari kuzatiladi. Bu hodisa deyarli har yili iyun oyi oxiri, iyul va avgust boshlariga to‘g‘ri keladi. Xalq orasida bu davr „chilla“ deb ataladi”, — dedi Tursunov. Uning ta’kidlashicha, hozirgi jazirama rekord darajada emas. O‘zbekistonda kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori harorat 1983-yil iyul oyida Buxoro viloyatidagi Ayakagitma posyolkasida qayd etilgan bo‘lib, u +49,9 darajani tashkil qilgan. Bu absolyut maksimum 40 yildan ortiq vaqtdan beri saqlanib kelmoqda.
Toshkentda esa harorat rekordi 1997-yil 18-iyulda qayd etilgan. O‘shanda havo +44,6 darajagacha isigan. Joriy haftada kutilayotgan harorat bu ko‘rsatkichga yetmaydi. Mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlarda muntazam tarqalayotgan +50 daraja va undan yuqori issiq haqidagi xabarlarni rasmiy prognoz xatoligining isboti sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi. Ularning ta’kidlashicha, internetda keltirilayotgan ko‘cha termometrlari ko‘rsatkichlari bilan rasmiy ma’lumotlar o‘rtasidagi farq o‘lchash usulining o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohlanadi.
Meteoxizmat havo haroratini xalqaro standartlar asosida — soyada, yerdan 2 metr balandlikda va shamollatib turiladigan budkada o‘lchaydi. Avtomobil uskunalar panelidagi, qizib ketgan asfaltdagi yoki quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib turgan balkondagi termometrlar tabiiy ravishda yuqoriroq haroratni ko‘rsatadi. Biroq bu havoning emas, balki yuzalarning qizishi natijasi hisoblanadi. Shuning uchun bunday ko‘rsatkichlarni rasmiy meteorologik ma’lumotlar, ayniqsa, masalan, O‘lim vodiysida qayd etilgan ekstremal haroratlar bilan taqqoslash to‘g‘ri emas.
Yevropadagi g‘ayrioddiy issiq oqibatida yuz bergan fojiali holatlar haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, mutaxassislar bir xil havo harorati odamlar sog‘lig‘iga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Buning asosiy sabablaridan biri — havo namligi. Namlik yuqori bo‘lganda organizm terning bug‘lanishi orqali sovishi qiyinlashadi. Markaziy Osiyoning quruq iqlimi esa, odatda, issiqni yengilroq o‘tkazish imkonini beradi.
O‘zgidrometning tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, 18−20-iyul kunlari O‘zbekistonga janubdan juda issiq havo oqimi kirib kelishi davom etadi. Haroratning +43…+45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda harorat +46…+48 darajagacha yetadi. Avvalroq Gazeta Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining issiqdan qanday saqlanish bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qilgan edi. Ular orasida kunning eng issiq paytida quyoshdan saqlanish, ko‘proq suv ichish, kunduzi quyosh tushishining oldini olish uchun derazalarni yopib qo‘yish, shuningdek, bolalarni yopiq avtomobilda qoldirmaslik va bolalar aravachasini mato bilan yopmaslik kabi tavsiyalar bor.
Source: www.gazeta.uz