Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident tomonidan 2026-yil 13-iyulda imzolangan "Toshkent xalqaro moliyaviy markazi" to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun mamlakatimiz tarixidagi muhim hujjatga aylandi. Ushbu maqolada yuridik fanlar doktori, professor Islambek Rustambekov xalqaro moliyaviy markaz nima ekanligi, uning ishlash prinsiplari va oddiy fuqarolar, tadbirkorlar hamda yosh mutaxassislar uchun qanday foyda keltirishi haqida sodda va tushunarli tilda so‘z yuritadi.

Toshkent xalqaro moliyaviy markazi (TXMM) shahar ichida maxsus hudud bo‘lib, unda dunyoning yirik banklari, investitsion kompaniyalari, sug‘urta tashkilotlari va fintech firmalari faoliyat yuritadi. Ularni bu yerda xalqaro standartlarga mos huquqiy muhit, mustaqil sud, soliq imtiyozlari va byurokratik to‘siqlarning yo‘qligi o‘ziga jalb qiladi.

Ushbu model XX asr oxiri — XXI asr boshlaridan boshlab jahon amaliyotida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. London va Nyu-York kabi tarixiy moliyaviy poytaxtlardan tashqari, so‘nggi o‘n yilliklarda "yangi avlod moliyaviy markazlari" paydo bo‘ldi. Eng yorqin misollar — Dubay xalqaro moliyaviy markazi (DIFC), Singapur va qo‘shni Qozog‘istondagi Ostona (AIFC).

Ayniqsa, Dubay tajribasi ibratlidir. 2004-yilda tashkil etilgan DIFC bugungi kunda Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyodagi eng yirik moliyaviy markazga aylandi: bu yerda minglab kompaniyalar ro‘yxatdan o‘tgan, o‘n minglab yuqori malakali mutaxassislar ishlaydi. Muvaffaqiyat siri oddiy: arab davlati o‘z hududining bir qismida ingliz umumiy huquqini joriy qildi, mustaqil sud va tartibga soluvchi organ yaratdi — xalqaro kapital esa ishonch bilan javob berdi. Ostona 2018-yilda shu yo‘ldan bordi va qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyoda investitsiyalarni jalb qilishning muhim vositasiga aylandi.

Endi bu qatorga Toshkent qo‘shilmoqda. Muhimi, biz chet el tajribasini nusxalamaymiz, balki eng yaxshi amaliyotlarni o‘rganib, ularni milliy manfaatlarga moslashtiramiz.

Nega bu qonun Konstitutsiyaviy? Sababi, moliyaviy markaz hududida oddiy qonunlardan farq qiluvchi maxsus huquqiy rejim amal qiladi. Uni joriy etish uchun eng yuqori darajadagi huquqiy asos talab qilingan. Shu sababli, qonun bilan bir vaqtda Konstitutsiyaning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, ayrim hududlarda Konstitutsiyaviy qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati mustahkamlandi. Bundan tashqari, yettita kodeks va o‘ttizdan ortiq qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bu huquqiy tizimimiz tarixidagi misli ko‘rilmagan islohotdir. U shoshilinch emas, balki puxta parlament muhokamasi orqali amalga oshirildi: Senat qonunni qayta ishlashga qaytardi, kelishuv komissiyasi investorlar huquqlarini himoya qilish normalarini kuchaytirdi — va shundan keyingina hujjat tasdiqlandi. Bu jarayon davlatimizning sifatli qonunchilikka bo‘lgan yondashuvini ko‘rsatadi.

Markaz to‘rtta asosiy organga ega: Markaz Kengashi — strategik boshqaruv organi. Uning raisi lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Prezidenti hisoblanadi. Kengash a’zolarining kamida uchdan bir qismi davlat lavozimlarini egallamagan xalqaro moliya va tijorat huquqi sohasidagi mutaxassislardan iborat bo‘lishi shart. Markaz Ma’muriyati — kundalik faoliyatni tashkil etuvchi ijro etuvchi organ. Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi — banklar, investitsion kompaniyalar va boshqa moliyaviy institutlarni litsenziyalovchi va nazorat qiluvchi mustaqil tartibga soluvchi organ. Toshkent xalqaro tijorat sudi — ikki instansiyadan iborat mustaqil sud organi bo‘lib, nizolarni hal qilishda mutlaq yurisdiktsiyaga ega.

Eng diqqatga sazovor yangilik — Markaz hududida milliy qonunchilik bilan bir qatorda, unga zid kelmaydigan qismda Angliya va Uelsning umumiy huquqi va adolat normalari qo‘llaniladi. Nega aynan ingliz huquqi? Chunki bu asrlar davomida sayqallangan huquqiy tizim jahon moliyasi va xalqaro savdosining umum tan olingan "tili" hisoblanadi.

Qonun Markaz ishtirokchilari uchun keng imkoniyatlar yaratadi: ular xorijiy mutaxassislarni mehnat faoliyatiga ruxsatnomasiz yollashlari mumkin. Ishtirokchilar va ularning oila a’zolariga besh yilgacha muddatga viza beriladi. Pul majburiyatlari xorijiy valyutada, ruxsat etilgan chegaralarda esa raqamli aktivlarda bajarilishi mumkin. Kapital va daromadlarni cheklovsiz repatriatsiya qilish huquqi kafolatlanadi. Malakali ishtirokchilar uchun 2076-yilgacha soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, qonun muvozanatni saqlaydi: jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash talablari to‘liq kuchda qoladi, yirik transmilliy kompaniyalar uchun esa xalqaro standartlarga muvofiq minimal soliq qo‘llaniladi. Toshkent "nazoratsiz zona" emas, balki shaffof va mas’uliyatli xalqaro moliyaviy maydoncha sifatida shakllanmoqda.

Mulk daxlsizligi masalasida qonun ayniqsa qat’iy: Markaz ishtirokchilari aktivlarini musodara qilish, milliylashtirish, ekspropriatsiya qilish yoki muzlatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har qanday istisno choralar faqat qonuniy asosda, mutanosib ravishda va sud nazorati ostida amalga oshirilishi mumkin.

Iqtisodiy kutishlar ham katta: 2030-yilga qadar Markaz orqali iqtisodiyotga 20–25 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 15 mingga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ammo raqamlardan muhimroq narsa — ishonch. Xalqaro moliya bozorida ishonch eng qimmatli aktivdir va uni faqat ishonchli huquqiy kafolatlar bilan qo‘lga kiritish mumkin.

Har qanday islohotning taqdiri uni amalga oshiradigan kadrlarga bog‘liq. TXMMning ishga tushishi ingliz umumiy huquqini chuqur biladigan va xalqaro moliya huquqi, arbitraj va korporativ huquq sohalarida ingliz tilida erkin ishlay oladigan mutaxassislarga katta talab yaratadi. Dubay va Ostona tajribasi shuni ko‘rsatadiki, moliyaviy markaz muvaffaqiyati ko‘p jihatdan mahalliy yuridik kadrlar salohiyatiga bog‘liq.

O‘zbekiston bu chaqiriqqa tayyorlanmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetida bir yil oldin ingliz huquqi kafedrasi tashkil etilgan — umumiy huquq an’analarini tizimli o‘qitish bo‘yicha ilk tajriba. O‘tgan yildan London universiteti bilan qo‘shma bakalavr dasturi, joriy yildan esa Grinvich universiteti bilan qo‘shma dastur ish boshladi. Bu dasturlar talabalarga ingliz huquqini asl manbalardan o‘rganish imkonini beradi.

Konstitutsiyaviy qonun "Toshkent xalqaro moliyaviy markazi to‘g‘risida" — bu deyarli o‘n yil davomida izchil amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mantiqiy cho‘qqisi va shu bilan birga yangi bosqichning boshlanishidir. Qonunga ko‘ra, Markaz organlari o‘n ikki oy ichida faoliyatni boshlash uchun zarur qarorlarni qabul qilishi kerak. Demak, yaqin kelajakda Toshkentda jahon moliyaviy kapitali uchun eshiklar rasman ochilishiga guvoh bo‘lamiz.

Agar Dubay cho‘l o‘rtasida, Ostona dashtda jahon darajasidagi moliyaviy markaz yarata olgan bo‘lsa, O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy merosi, qulay geografik joylashuvi, o‘sib borayotgan iqtisodiyoti va eng muhimi, islohotlarga bo‘lgan qat’iy siyosiy irodasi bilan buni albatta amalga oshiradi. Toshkent xalqaro moliyaviy markazi — bu kelajakka sarmoya, farzandlarimiz avlodlari uchun yaratilayotgan imkoniyatdir.

Source: kun.uz