Toshkent metropolitenining “Turon” bekatida tom konstruksiyasining qisman siljishi yuz berdi. Hodisa 16-iyul kuni soat 14:34 da sodir bo‘lgan.
Bekatda tom qoplamasining siljishi aniqlanganidan so‘ng, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida poyezdlar harakati zudlik bilan to‘xtatildi.
Hodisa oqibatida ikki yo‘lovchi yengil tan jarohati oldi. Ularga joyning o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Hozirda mutaxassislar voqea joyida ish olib bormoqda. Ular texnik tekshiruv o‘tkazib, zararlarni bartaraf etmoqda.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Qipchoq” va “Quruvchilar” bekatlari o‘rtasida bepul metroobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘radi va insonlar xavfsizligi eng muhim ustuvorlik ekanligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyuldan boshlab Toshkentdagi anomal jazirama tufayli metroning yer usti liniyasida poyezdlar tezligi cheklanib, oralig‘i oshirilgan edi.
Source: podrobno.uz