Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahridagi avtobus bekatlarini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq holatlarni o‘rganib chiqdi. Bu jarayon keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, prezident qarorlariga muvofiq poytaxtdagi 1785 ta avtobus bekatini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shu maqsadda tegishli mulk majmualari, jumladan, bekatlarning o‘zi, yer uchastkalari va inshootlar “E-auksion” elektron savdo maydonchasiga ijaraga berish huquqi bilan chiqarilgan.
Belgilangan talablarga ko‘ra, bekatlarni rekonstruksiya qilish va yangi tipdagi pavilonlarni o‘rnatish bo‘yicha barcha ishlar elektron auktsion g‘olibining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak edi.
2025–2026 yillarda o‘tkazilgan auktsionlar natijasida “Ewi Snacks” MChJ 266 ta bekat joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha, shuningdek, qo‘shimcha 230 ta ijtimoiy bekat qurilishi bo‘yicha g‘olib deb topilgan. Kompaniya bilan tegishli ijara shartnomalari tuzilgan.
Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, joriy yilning may-iyun oylarida 120 ta bekat – 60 ta ijaraga olingan va 60 ta ijtimoiy bekat foydalanishga topshirilishi kerak edi.
“Biroq tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, ko‘plab ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari tugallanmagan va zarur jihozlar to‘liq o‘rnatilmagan. Bundan tashqari, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 120 ta bekatning hech biri bo‘yicha qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan”, deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Toshkent hokimiyatiga shartnoma va kelishuvlarda nazarda tutilgan majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash, shuningdek, bekatlarni tasdiqlangan texnik talablarga muvofiq jihozlash va foydalanishga topshirish ustidan qattiq nazorat o‘rnatish topshirilgan.
Bundan tashqari, mas’ul shaxslarga kelgusidagi auktsionlarda bekatlarni tumanlar yoki boshqa hududiy birliklar bo‘yicha alohida lotlarga ajratish topshirilgan. Bu raqobatni kengaytirish va ko‘proq tadbirkorlarning ishtirok etishi uchun sharoit yaratishi kerak.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vaziyatni o‘rganishni davom ettiradi. Yakunlar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Source: uznews.uz