Toshkentdagi modernizmning eng mashhur yodgorliklaridan biri – “Ko‘k gumbazlar” majmuasi atrofida so‘nggi kunlarda noqonuniy ta’mirlash bilan bog‘liq janjal avj oldi. Endilikda kompleks keng ko‘lamli ilmiy restavratsiyadan o‘tkaziladi.
Madaniy meros agentligi xabariga ko‘ra, obyektni agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov va loyiha muallifi, taniqli arxitektor Vil Muratov ko‘zdan kechirgan. Aynan Muratov 1968–1970 yillarda qurilgan “Ko‘k gumbazlar” kafesini loyihalashda ishtirok etgan.
Yillar davomida foydalanish va ta’mirlash natijasida majmuaning tashqi ko‘rinishi o‘zgargan. Xususan, mozaik bezak elementlari qisman yo‘qolgan yoki o‘zgartirilgan, bu esa obyektning dastlabki me’moriy g‘oyasiga putur yetkazgan.
Loyihaning asosiy maqsadi – asl qiyofasini tiklash. Ish arxiv materiallari, tadqiqotlar va xalqaro me’morchilik merosini saqlash standartlari asosida olib boriladi. Shu maqsadda maxsus ishchi guruh tuziladi, unga xorijlik modernizm mutaxassislari, yetakchi o‘zbek arxitektorlari va restavratorlari kiradi. Jumladan, Yekaterina Golovatyuk, Boris Chuxovich va Fatima Abdurahmonova ishtirok etadi.
Mutaxassislar binoni shunchaki yangilamasdan, uning tarixiy qiyofasini – mozaikadan tortib badiiy detallargacha – ehtiyotkorlik bilan qayta tiklaydi. Asosiy vazifa – “Ko‘k gumbazlar”ni o‘ziga xos qiladigan milliy motivlar va modernistik arxitekturaning noyob uyg‘unligini saqlab qolishdir.
“Ko‘k gumbazlar” majmuasi o‘zbek modernizmining eng yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. 2019-yilda obyekt Milliy moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasida. Restavratsiya XX asr me’morchilik merosini qayta anglash va shahar tarixini saqlashda yangi standartlar o‘rnatishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz