21-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev eng og‘ir 2000 ta mahallada yangi ish tizimi joriy etilayotganini ma’lum qildi. Hokimlar elektr, gaz, yo‘l va suv bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida hal etish uchun javobgar bo‘ladi.
Shu munosabat bilan “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan. Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqilgan.
Bandlik tizimi mas’ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi.
Mahalla tizimi rahbarlariga 8 ming 992 ta mahallada ko‘chalar va uylarni obod qilish, daraxt va ko‘chat ekish, ariqlarni toza tutish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari banklarning mahalladagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi. Shu bois, Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi.
Prezident viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun bu yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘lishini aytdi. Keyingi uch oyda natija qilgan rahbar ishida qoladi, o‘zgarish qilmagani esa lavozimini tark etadi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada qanday ish ketayotgani, qanday o‘zgarish bo‘layotganini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.
Source: www.gazeta.uz