Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng o‘z eshiklarini tantanali ravishda ochadi. Marosim 24-iyul kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda muzey matbuot xizmati.

Muzeyga kirish “Ochiq eshiklar kunlari” doirasida 24-iyuldan 26-iyulgacha O‘zbekiston fuqarolari uchun bepul bo‘ladi. Bu tashrif buyuruvchilarga yangilangan ekspozitsiyani birinchi bo‘lib ko‘rish imkoniyatini beradi.

Muzey ekspozitsiyani rekonstruksiya qilish va bino fasadini ta’mirlash munosabati bilan 2024-yil 4-iyunda tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan edi. Ikki yil davomida olib borilgan ishlar natijasida muzey zamonaviy talablarga moslashtirildi.

O‘zbekiston tarixi muzeyi Markaziy Osiyodagi eng qadimiy muzeylardan biri hisoblanadi. U 1876-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yil o‘zining 150 yilligini nishonlamoqda. Muzey fondida 350 mingdan ortiq eksponat — mintaqa tarixini eng qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha aks ettiruvchi arxeologik topilmalar, numizmatika to‘plamlari, qo‘lyozmalar, etnografik materiallar saqlanadi.

Muzeyga davlat maqomi 1994-yil 5-avgustda berilgan. Aprel oyida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiyadan so‘ng Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham qayta ochilgan edi.

Source: www.gazeta.uz