Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) o‘rinbosari Jamshid Urunov Soliq kodeksining 227−1-moddasidagi jarimalarni qo‘llash mexanizmini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda u Spot’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Urunovning ta’kidlashicha, hozirda onlayn kassa va raqamli markirovka talablarini buzganlik uchun jarima miqdori yuridik shaxsning so‘nggi chorakdagi sof tushumiga nisbatan belgilangan. Bu esa bitta filialdagi birgina qoidabuzarlik butun kompaniya uchun yirik miqdordagi jarimaga sabab bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

“Tasavvur qiling: kompaniyaning 100 yoki 300 ta filiali bor. Bitta savdo shoxobchasidagi bitta sotuvchi bitta mahsulotni sotishda qoidani buzsa, jarima butun kompaniyaning choraklik aylanmasidan kelib chiqib hisoblanadi”, — dedi u.

Biznes ombudsman o‘rinbosari javobgarlikni qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan aniq savdo shoxobchasi va shaxs bilan cheklash lozimligini ta’kidladi. “Men faqat qoidani buzgan sotuvchini va qoidabuzarlik sodir etilgan filialning o‘zinigina jarimaga tortishni taklif qilardim”, — dedi u.

Urunov kichik bir umumiy ovqatlanish shoxobchasidagi qoidabuzarlik tufayli yirik kompaniyaga bir necha milliard so‘m jarima solingan holatni esga oldi. Uning aytishicha, korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishi qurilish yoki to‘qimachilik ishlab chiqarishi bo‘lgan, biroq qoidabuzarlik unga qarashli kafeda qayd etilgan.

Urunovning ta’kidlashicha, amaldagi tartibda hatto yirik korxona ham bitta bo‘linmadagi yagona qoidabuzarlik tufayli bankrotlik xavfi ostida qolishi mumkin.

Shu bilan birga, u raqamli markirovka tizimini zarur va foydali vosita deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tizim kontrafakt va hisobga olinmagan mahsulotlarga qarshi kurashish imkonini beradi, shuningdek, halol tadbirkorlarni teng bo‘lmagan raqobatdan himoya qiladi.

“Iqtisodiyot va bozorni himoya qilish nuqtai nazaridan hisob-kitob yaxshi narsa ekanini bilaman. Lekin bu tizim ishlashi uchungina bunday “ajdarho qoidalarni” qo‘llashga men qo‘shilmayman”, — deya bayonot berdi u.

Soliq kodeksiga 227−1-modda 2022-yil 11-martda kiritilgan bo‘lib, o‘sha yilning 13-iyunidan kuchga kirgan. Unda onlayn-kassalarni qo‘llash, uskunalarni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish talablarini hamda tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Markirovkalash alkogol va tamaki mahsulotlarining ayrim turlari, pivo, ichimliklar, gazlangan suv, dori vositalari hamda maishiy texnikaga tatbiq etiladi.

Birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun korxonaning oxirgi chorakdagi sof tushumidan 2 foiz miqdorida jarima belgilangan. Huquqbuzarlik takroran sodir etilganda sanksiya miqdori 20 foizgacha oshiriladi.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 227−1-modda bo‘yicha 254 ta korxona jarimaga tortilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1083 taga yetgan. Tadbirkorlar ushbu moddani “otuv moddasi” deb atashadi.

Mart oyida JST bilan hamkorlik qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyaning ochiq muloqotida Jamshid Urunov Soliq kodeksining 227−1-moddasini tanqid qilib, birgina xodimning xatosi hatto oyoqda mustahkam turgan brendni ham xonavayron qilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

U soniyasiga 15 shisha mahsulot chiqaradigan Coca-Cola zavodini misol qilib keltirgandi: “Agar markirovkalashdagi birgina xato sabab 20 foizlik jarima qo‘llansa, hatto shunday zavod ham bunga bardosh berolmaydi, chakana savdoni-ku aytmasa ham bo‘ladi”.

Source: www.gazeta.uz