Toshkent viloyati Angren shahrida fojiali hodisa yuz berdi. 16-iyul kuni soat 23:53 da IIBBga 26 yoshli qizning opasi murojaat qilib, singlisi va uning 31 yoshli bo‘lajak turmush o‘rtog‘i “Gentra” avtomashinasida uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida yigit va qizning jonsiz tanasi garaj ichidagi avtomashinadan topildi. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, o‘lim is gazidan zaharlanish, bosh miya va o‘pka shishi hamda o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi oqibatida yuz bergan.
Yigit yashaydigan mahalla raisi Bahodir Bo‘tayevning aytishicha, ular to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. “To‘ylari bo‘lishi kerak edi. Mahallamizga ham kelib suhbatdan o‘tib ketgan. Kelin-kuyov juda yaxshi, ziyoli oiladan edi. Bu oilada hech qachon e’tirozlar, janjal eshitmaganmiz. Ishonmadik bunday narsaga. Qayg‘uga tushdik. Mana to‘y harakati, hamma narsani tayyorlab qo‘yilgan edi. Mana ko‘rib turibsizki, to‘yimiz azaga aylanib o‘tiribdi”, dedi u.
Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan rasmiy ma’lumot kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz