Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyati Narpay tumanida 15 tup archa kesilishi va 17 tup Eldor qarag‘ayi noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilganidan keyin qurib qolishi oqibatida o‘simlik dunyosiga qariyb 192 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Narpay tumanida kesilishiga ruxsat berilmagan daraxtlar baribir yo‘q qilingani haqidagi xabarlar ortidan boshqarma holatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Viloyat prokuraturasining ko‘rsatmasi va topshirig‘i asosida tuzilgan ishchi guruh hududda o‘rganish o‘tkazgan.

Tekshiruv davomida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori talablariga zid ravishda Narpay tumani “Nag‘oraxona” mahallasidagi “Salomatlik yo‘lagi” atrofida kesilishi rad etilgan bir necha o‘nlab manzarali daraxtlar mas’ullarning loqaydligi va e’tiborsizligi oqibatida noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan.

Xususan, 15 tup mojjevelnik (archa) daraxti bo‘yicha o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 75 mln 808 ming so‘m etib baholangan. Shuningdek, ushbu hududda noqonuniy ko‘chirib o‘tkazilganidan so‘ng qurib qolgan 17 tup Eldor qarag‘ayi bo‘yicha hisoblangan zarar 116 mln 184 ming so‘mni tashkil etgan. Shu tariqa, 32 tup daraxt bo‘yicha o‘simlik dunyosiga yetkazilgan umumiy zarar 191 mln 992 ming so‘m deb hisoblangan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Avvalroq Buxoro viloyatining Jondor tumanida qamishzorga o‘t qo‘yilishi oqibatida 50 tup daraxt zarar ko‘rgan, shundan 38 tupi to‘liq nobud bo‘lgan edi. Ekologik zarar 202,7 mln so‘mga baholangan.

Source: www.gazeta.uz