Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari oziq-ovqat mahsulotlari topshirilgani haqidagi hujjatlarga imzo chekish evaziga pora talab qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
O‘rganishlar davomida davlat bog‘chasi mudirasi o‘zi rahbarlik qilayotgan va boshqa bir bog‘chaga “Toshmurodov Oydin” MCHJ tomonidan yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha 10 kunlik hisobotlarga imzo va muhr qo‘yib berishini aytgan.
Buning evaziga har bir bog‘cha uchun 7 mln so‘mdan, jami 14 million so‘m pora talab qilgan. Gumonlanuvchi tuman hududida ushbu pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchi va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari (Ta’magirlik yo‘li bilan va bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz