Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida mahalla rahbari Ubaydulla Ochilov mahalliy fuqaro bilan og‘zaki janjalga borib, uni haqorat qilgani va “davlat bilan o‘ynayapsan” deb tahdid qilgani ortidan shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Hodisa 28-iyul kuni yuz bergan. Amaldor fuqarodan ko‘chaga to‘kilgan qumni olib tashlashni talab qilgan, bahs chog‘ida fuqaro telefon kamerasi bilan tasvirga olayotganini ko‘rib, qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qila boshlagan.
Video ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston mahallalar uyushmasi xodimning xatti-harakatini davlat xizmatchisi etikasiga mutlaqo zid deb baholadi va qattiq qoraladi.
Holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunida amaldorning harakatlariga qonuniy baho berilib, tegishli choralar ko‘rilishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz