Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan 21,48 milliard so‘m ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu mablag‘ning 11,95 milliard so‘mi markaziy va eng muhim ko‘chalarga mavsumiy gullar va manzarali butalar sotib olishga yo‘naltiriladi. Yana 2,15 milliard so‘m markaziy maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasiga, 900 million so‘m esa davlat ob’ektlari hududlarini obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqarmaga beriladi.
Muhim ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi faoliyati uchun qo‘shimcha 3,8 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha byudjet daromadlari rejasining ortig‘i bilan bajarilishi hisobidan moliyalashtiriladi.
Umumiy summadan bir qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Jumladan, Toshkent turizm va mehmonxona menejmenti texnikumi uchun uskunalar sotib olishga 248 million so‘m, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi shahar bo‘limining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 40,4 million so‘m ajratildi.
Yana 2,39 milliard so‘m “Bilim” axborot-kutubxona markazi binosi va ichki xonalarini kapital ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Source: uznews.uz