Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 27-iyuldagi qarori bilan Toshkent shahridagi bir qator yirik bozorlar va savdo komplekslari ommaviy savdolarga qo‘yilishi belgilandi. Ushbu qaror poytaxtni 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida qabul qilingan.
Hujjatga ko‘ra, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlari qarorlari asosida bozorlar va savdo komplekslari ommaviy savdolarga chiqariladi. Ro‘yxatga “Chilonzor buyum bozori”, “O‘rikzor savdo kompleksi”, “Qo‘yliq”, “Aviasozlar” va “Farhod” dehqon bozorlari hamda Sergeli avtomobil bozori kiritilgan.
“Toshkent invest kompaniyasi” mazkur obyektlarni sotuvga tayyorlash va savdolarni tashkil etishda buyurtmachi sifatida belgilandi. Kompaniya bozor va savdo komplekslarini tayyor biznes loyihasi shaklida savdoga chiqaradi, master rejalar esa Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi.
Sotuvga qo‘yiladigan bozorlar o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari, ko‘ngilochar majmualar hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish sharti belgilangan. Shuningdek, ayrim yer uchastkalari va munitsipal ko‘chmas mulk obyektlari “Toshkent invest kompaniyasi”ga ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga berilishi mumkin.
Prezident raisligida 2025-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish, xususan, bozorlarni boshqarishda hokimliklarning majburiy ishtirokini bekor qilish rejalari muhokama qilingandi. Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli.
Ilgari ham Toshkentdagi bir qator bozorlar xususiylashtirilgan edi. 2024-yil dekabrda Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi “Askiya” bozori hududi bo‘yicha savdolar g‘olibi bo‘lgan. Yunusobod bozori o‘rnida ekobozor, savdo markazi va ofislardan iborat uch qavatli majmua qurilishi rejalashtirilgan. Mirobod tumanidagi “Beshqo‘rg‘on” bozori filiali ham kimoshdi savdosiga qo‘yilgan bo‘lib, uning o‘rnida 6 qavatli savdo majmuasi qurilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz