Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 79 618 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan 10 535 tasi iyul oyiga to‘g‘ri keladi.
Yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida chora ko‘rilgan. Har bir qoidabuzarga BHMning o‘ndan bir qismi — 41,2 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Yil boshidan buyon undirilgan jarimalarning umumiy summasi 1 mlrd 988 mln so‘mni tashkil etgan. Shundan 234,6 mln so‘mi iyul oyida undirilgan.
Transport vazirligi avtobuslarda to‘lov intizomini oshirish maqsadida muntazam nazorat reydlari o‘tkazilayotganini qayd etgan. Xususan, yo‘l haqi tushumi kamayib borayotgan yo‘nalishlarda maqsadli tekshiruvlar tashkil etilgan.
Bunday nazorat tadbirlari iyul oyida 17 ta, yil boshidan buyon esa 82 ta avtobus yo‘nalishida o‘tkazilgan.
Vazirlik jamoat transporti tizimining barqaror ishlashi yo‘l haqi tushumlariga bog‘liqligini ta’kidlab, yo‘lovchilarni yo‘l haqini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda to‘lashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlarga nisbatan 32 mingdan ortiq bayonnoma rasmiylashtirilgan edi. Chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish 2025-yil 14-martdan boshlangan va o‘sha yil oxirigacha chiptasiz yurgan yo‘lovchilar 22 500 nafarni tashkil qilgan.
“Toshshahartransxizmat” 2026-yilning 4 oyida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan 50 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilganini ma’lum qilgandi. Yaqin orada chiptasiz yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ham aytilgandi.
Hukumat qaroriga muvofiq, 1-sentabrdan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (validator) bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘l haqini transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz elektron to‘lov vositalari orqali avtobusga chiqish paytida to‘lash talab etiladi. Agar yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa, yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz