O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlariga 5% miqdorida soliq joriy etish taklif qilindi. Bu taklif 30-iyul kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, fiskal tahlil instituti tomonidan fiskal muloqot davomida ilgari surildi.
Institut taqdimotida qayd etilishicha, bank omonatlari bo‘yicha foizlar 1998-yildan buyon soliqdan ozod qilingan bo‘lib, bugungi kunda bunday imtiyoz saqlanib qolgan yagona passiv daromad turi hisoblanadi. Shu bilan birga, dividendlar 5% stavkada, mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar, royalti va kapital o‘sishidan olinadigan daromadlar esa 12% stavkada soliqqa tortiladi.
Taklif mualliflari depozitlar bo‘yicha foizlar va dividendlarga nisbatan bir xil — 5% soliq stavkasini belgilash maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda. Buning uchun Soliq kodeksining 381-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan.
Tashabbusga asos sifatida xorij tajribasi keltirilgan. Taqdimotga ko‘ra, bank depozitlari bo‘yicha foiz daromadlariga soliq Qozog‘iston, Ozarbayjon va Hindistonda 10%, Tailandda 15%, Indoneziyada 20%, Germaniyada 26,4 foizni tashkil etadi. Turkiyada esa stavka 15 foizdan 40 foizgacha o‘zgaradi.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur soliq joriy etilsa, davlat budjetiga taxminan 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlanishi mumkin. Bu baho 2026-yil 1-may holatiga jismoniy shaxslarning 170,2 trln so‘mlik depozitlari hajmi, o‘rtacha 16% foiz stavkasi va taklif etilayotgan 5% soliq stavkasi asosida hisoblangan.
Hozircha gap faqat taklif haqida ketmoqda. Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.
Qayd etish joiz, Qozog‘istonda fuqarolar faqat xorijiy banklarda joylashtirilgan depozitlar bo‘yicha soliq to‘laydi. Qozog‘iston banklaridagi omonatlar esa soliqqa tortilmaydi.
Ozarbayjonda bank omonatlari bo‘yicha foizlar uchun asosiy soliq stavkasi 10 foizni tashkil etadi. Biroq qator imtiyozlar mavjud: milliy valyutada kamida 18 oyga joylashtirilgan depozitlar bo‘yicha daromadlar to‘liq soliqdan ozod qilingan. Milliy valyutadagi boshqa omonatlar bo‘yicha esa har bir bankda oyiga birinchi 200 manat (1,4 mln so‘m) miqdoridagi foiz daromadi soliqqa tortilmaydi. Qolgan holatlarda, jumladan valyutadagi omonatlar bo‘yicha ham bank to‘lov manbaidan 10% soliqni ushlab qoladi.
Germaniyada bank omonatlari bo‘yicha foizlar kapitaldan olinadigan daromad sifatida baholanadi va 25% asosiy stavka bo‘yicha soliqqa tortiladi. Bundan tashqari, soliq summasining 5,5% miqdorida birdamlik yig‘imi ham undiriladi, shu bois umumiy stavka 26,375 foizni tashkil qiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan diniy jamoalar a’zolari uchun qo‘shimcha cherkov solig‘i ham qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan birga, bir kishi uchun yiliga birinchi 1000 yevro, turmush o‘rtoqlar uchun birgalikda soliq to‘langanida esa 2000 yevro miqdoridagi kapital daromadi soliqdan ozod qilinadi. Odatda, omonatchi soliq solinmaydigan limitdan foydalanish haqida ariza bermagan bo‘lsa, bank soliqni avtomatik tarzda ushlab qoladi.
Indoneziyada bank depozitlari va jamg‘arma hisobvaraqlari bo‘yicha foizlar hisoblangan daromadning 20 foizi miqdoridagi yakuniy daromad solig‘iga tortiladi. Soliq foizlar to‘langanda bank tomonidan ushlab qolinadi. Bunda asosiy summasi 7,5 mln rupiydan (taxminan 5 mln so‘m) oshmaydigan omonatlar bo‘yicha foizlar soliqdan ozod qilinadi.
Source: www.gazeta.uz