Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari 0,1 foizga pasaygan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 0,2 foizlik pasayishdan biroz pastroq.
Yillik inflyatsiya darajasi esa 6,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning iyul oyidagi 8,9 foizga nisbatan sezilarli kamaygan. Yil boshidan buyon narxlar o‘rtacha 3,2 foizga oshgan, bu o‘tgan yilning mos davridagi 4 foizdan past.
Oziq-ovqat mahsulotlari bir oy ichida 0,9 foizga arzonlashgan bo‘lsa-da, yillik hisobda 6,4 foizga qimmatlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari esa bir oyda 0,3 foizga, yillik hisobda 6 foizga oshgan. Xizmatlar narxi bir oyda 0,5 foizga, yillik hisobda 6,6 foizga ko‘tarilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch va guruch oqshog‘i bir oyda 5,9 foizga qimmatlagan, biroq yillik hisobda 6,3 foizga arzonlashgan. Tuxum bir oyda 5 foizga arzonlashgan, ammo yillik hisobda 15 foizga qimmat bo‘lib qolgan. Suyakli mol go‘shti narxi bir oyda 0,1 foizga pasaygan, yillik hisobda esa 16 foizga oshgan.
Sabzavot va mevalarning mavsumiy bozorga chiqishi inflyatsiyani jilovlashda davom etgan. Bir oyda karam, bodring, pomidor kabi mahsulotlar arzonlashgan. Sabzi esa bir oyda 12,6 foizga qimmatlagan, biroq yillik hisobda 13,3 foizga arzon bo‘lib qolgan. Piyoz narxi bir oyda 1,7 foizga oshgan, yillik hisobda esa 16,5 foizga pasaygan.
Yoqilg‘i narxlari sezilarli o‘sgan: benzin bir oyda o‘rtacha 4,8 foizga, yillik hisobda 21,7 foizga qimmatlagan. Propan bir oyda 1,7 foizga, yillik hisobda 34,6 foizga oshgan. Metan esa mos ravishda 0,3 foiz va 10,3 foizga ko‘tarilgan.
Transport xizmatlarida ham o‘zgarishlar kuzatilgan. Toshkent viloyatida shahar avtobuslari yo‘l haqi o‘rtacha 15 foizga oshgan, bu respublika bo‘yicha ushbu xizmat narxining bir oyda 1,4 foizga, yillik hisobda 10,6 foizga o‘sishiga olib kelgan. Shaharlararo avtobus tashuvlari bir oyda 0,6 foizga, yillik hisobda 6,8 foizga qimmatlagan.
Xalqaro aviachiptalar narxi bir oyda 0,2 foizga oshgan, biroq yillik hisobda 9,4 foizga arzon bo‘lib qolgan. Ichki aviaqatnovlar esa bir oyda 0,9 foizga, yillik hisobda 7,4 foizga arzonlashgan. Milliy statistika qo‘mitasi buni so‘mning yevroga nisbatan mustahkamlanishi bilan izohlagan.
Uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlar chiptalari bir oyda 0,4 foizga, yillik hisobda 11,8 foizga qimmatlagan. Ayrim xalqaro yo‘nalishlarda tariflar oshgan, biroq Shveysariya frankining so‘mga nisbatan kursi pasayishi hisobiga qisman qoplangan.
Iyul oyidan Farg‘ona viloyatida maishiy chiqindilarni olib ketish bo‘yicha yangi tariflar joriy etilgan. Respublika bo‘yicha bu xizmat narxi bir oyda 2,7 foizga, yillik hisobda 25,6 foizga oshgan. Navoiy viloyatida esa ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish to‘lovi oshirilgan, bu esa respublika bo‘yicha bunday to‘lovlarning bir oyda 0,6 foizga, yillik hisobda 3,2 foizga ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.
Iste’mol xarajatlarining asosiy bo‘limlari orasida bir oyda axborot va aloqa xizmatlari eng ko‘p — 1,1 foizga, transport — 0,8 foizga, alkogol va tamaki mahsulotlari — 0,7 foizga qimmatlagan. Yillik hisobda eng sezilarli o‘sish sug‘urta va moliyaviy xizmatlarda — 43,6 foiz, uy-joy va kommunal xizmatlari va yoqilg‘ida — 12,2 foiz, restoran va mehmonxona xizmatlarida — 7,6 foiz, maishiy va boshqa xizmatlarda — 7,2 foiz bo‘lgan.
Hududlar kesimida iyul oyida inflyatsiya faqat Farg‘ona viloyatida qayd etilgan (0,1 foiz). Toshkent shahrida narxlar o‘zgarmagan. Qashqadaryo viloyatida narxlar 0,3 foizga pasaygan, qolgan hududlarda deflyatsiya 0,2 foizni, Toshkent viloyatida esa 0,1 foizni tashkil etgan.
Yillik hisobda eng yuqori narx o‘sishi Toshkent shahrida — 6,9 foiz bo‘lgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarida inflyatsiya 6,7 foizdan, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida esa 6,6 foizdan qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida — 5,4 foiz, Surxondaryo viloyatida esa 5,9 foiz bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz