Jizzax shahridagi Jizzaxlik mahallasida joylashgan 2,2 gektarlik yer maydoni atrofidagi sud nizosi bir necha yildan buyon davom etmoqda. Mahalliy tadbirkor Zafar O‘ralov shahar hokimligining 2009-yilgi qaroriga tayanib, 586 kvadrat metr yerga da’vogarlik qilmoqda. Aholi va “Jizzax super servis” uy-joy mulkdorlari shirkati (UJMSH) esa bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi — 2015-yilda bu yer turar joy massivini obodonlashtirish va me’moriy qiyofasini yaxshilash uchun shirkatga ajratilgan.
Nizoning ildizi 1990-yillarga borib taqaladi. O‘shanda 105 kvadrat metrlik maydonda yetti-sakkizta kichik do‘kon ishlagan, deya eslaydi “Jizzax super servis” UJMSH rahbari Said Soibnazarov. “Ular peshtaxtadek bo‘lgan. Kidir muzqaymoq sotgan, boshqasi gazli ichimlik. Ularda faqat mol-mulkning o‘ziga kadastr bo‘lgan, yerga kadastri bo‘lmagan”, — deydi u. 2006-yildan boshlab uchastkada bitta do‘kon ishlab turgan, 2012-yilda esa egasi uni butunlay buzib tashlagan.
2015-yilda hokim Asror Qobilovning qarori bilan turar joy massivini obodonlashtirish va me’moriy qiyofasini yaxshilash uchun shirkatga 2,2 gektar yer uchastkasi berilgan. Uning chegaralariga avval do‘konlar joylashgan 105 kvadrat metrlik yer ham kirgan. Vaqt o‘tishi bilan bu hududda qarag‘aylar o‘sib chiqqan. 2022-yil yanvar oyida uchastkada kutilmaganda qurilish texnikasi paydo bo‘lib, ishchilar beton quyishni boshlagan. Keyinroq ushbu ishlar ortida tadbirkor Zafar O‘ralov turgani ma’lum bo‘lgan.
O‘ralov Jizzax shahri hokimligining 2009-yil 13-oktabrdagi qaroriga ko‘ra 586 kvadrat metrlik yer uchastkasiga huquqi borligini da’vo qilgan. “2009-yildagi qarorda obyektni ikki yil ichida qurib bitirish aytilgandi. Lekin u qurmagan. Oradan 13 yil o‘tib, traktor olib kelib, to‘g‘ri bizning hududimizda poydevor qazishni boshladi”, — deydi Soibnazarov. Aholi qurilishga qarshi chiqib, sudga murojaat qilgan.
2022-yil aprel oyida Jizzax tumanlararo sudi hokimlikning 2009-yildagi qarori asosida O‘ralovning 586 kvadrat metrlik yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tan olgan. Sud, shuningdek, shirkatning kadastr hujjatlarini chegaralarning ustma-ust tushgan qismida bekor qilgan va UJMSHga qurilish ishlarini bajarishda tadbirkorga to‘sqinlik qilishni qat’iyan man etgan. Biroq Oliy sud 2022-yil avgust oyida kassatsiya protestini ko‘rib chiqib, quyi sudlarning qarorlarini bekor qilgan va O‘ralovning da’vosini rad etgan.
Oliy sud o‘z ajrimida tadbirkorning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganini, shuningdek, 2009-yilgi qarorda belgilangan ikki yillik qurilish muddati o‘tganini ta’kidlagan. Kadastr agentligining xulosasiga ko‘ra, O‘ralov 2009-yilda ajratilgan yerni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmagan, shu sababli uning huquqi qonuniy kuchga kirmagan. Natijada yer “Jizzax super servis” UJMSH nomiga rasmiylashtirilgan.
Oradan uch yil o‘tib, 2026-yil 4-martda O‘ralov yana Jizzax viloyat sudiga murojaat qilgan. Yangi sud qarorida avvalgi apellyatsiya jarayoni, Kadastr agentligining xulosasi va Oliy sud qarori haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Viloyat sudi ishni “yangi ochilgan holatlar” bo‘yicha qayta ko‘rib chiqib, O‘ralovning 105,36 kvadrat metr yer maydonini qaytarish haqidagi talabini qanoatlantirgan. Bu qaror mahalla aholisi va UJMSH vakillarini hayratda qoldirgan.
Said Soibnazarovning so‘zlariga ko‘ra, ular yana Oliy sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. “Hozir biz muallaq holdamiz, lekin yana Oliy sudga murojaat qilmoqchimiz. Men allaqachon ombudsmanga va viloyat prokuraturasiga xat tayyorlab qo‘ydim. Oliy sud yerga bo‘lgan huquqimizni ikki marta tasdiqlagan”, — deydi u. Aholi vakillari viloyat sudining qarorini Fuqarolik-protsessual kodeksining 75-moddasiga zid deb hisoblamoqda.
Oliy sud matbuot xizmati esa yangi qaror qonuniy ekanini, chunki qonunchilikda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni qayta ko‘rib chiqishga ruxsat berilishini ma’lum qilgan. Ularning izohiga ko‘ra, O‘ralov keyinchalik yer huquqini ro‘yxatdan o‘tkazgan, bu esa yangi holat hisoblanadi. Shuningdek, tomonlar yuqori instansiyaga shikoyat qilish huquqiga ega ekani qo‘shimcha qilingan.
Source: www.gazeta.uz